O‘zbekiston | 15:30 / 10.11.2019
58299
14 daqiqa o‘qiladi

Plastik kartalardagi mablag‘ so‘zsiz yechib olinishi qay darajada qonuniy? MIBda kutilayotgan islohotlar haqida suhbat

Joriy yilning 24 oktabr kuni «regulation.gov.uz» saytida O‘zbekiston Respublikasi prezidentining «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmoni loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Hujjat loyihasida soddalashtirilgan majburiy ijro instituti joriy etilishi nazarda tutilgan.

Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining Huquqiy ta'minlash va huquqiy-aloqalar bo‘limi boshlig‘i Nasim Burxanov bilan suhbatimiz yuqoridagi farmon loyihasi va umuman MIB faoliyati haqida bo‘ldi.

– Farmonda ko‘rsatilgan soddalashtirilgan majburiy ijro tartibi joriy etilishi tizimga qanday yangilik olib keladi, qolaversa «Majburiy» so‘zini odamlar doim ham iliq kutib olmasligi tabiiy. Bu funksiyani kimlar amalga oshiradi?

– So‘zimning boshida bir narsani ta'kidlashni istardim – yangi farmondagi o‘zgarishlar kommunal to‘lovlarni undirishni kuchaytirishga qaratilmagan. Xalq muhokamasiga qo‘yilgan Farmon loyihasida gap faqatgina sud qarorlarini ijro etishni takomillashtirish haqida ketmoqda.

To‘g‘ri, kommunal to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlik majburiy ravishda ham, ya'ni undiruvni qarzdorning pul mablag‘lari va mol-mulkiga qaratish orqali ham undirilishi mumkin. Lekin bunga faqat tegishli sud qarori mavjud bo‘lgandagina yo‘l qo‘yiladi. Binobarin, ushbu farmon loyihasi bunday holatlarga ham tatbiq etilmaydi.

Sud qarorlarini majburiy ijro etish masalasiga kelsak, agar sud qarori ijro etilmasa, odil sudlov, buzilgan huquq va qonuniy manfaatlarni tiklash, himoya qilish to‘g‘risida gapirmasak ham bo‘ladi, chunki sud qarori ijro qilinmasa, bu bir parcha qog‘ozdan boshqa narsa emas. Byuro maxsus vakolatli davlat organi hisoblanib, qonuniy kuchga kirgan va ixtiyoriy ravishda bajarilmagan sud qarorining majburiy ijrosini ta'minlash bilan bog‘liq davlatning muhim funksiyalaridan biri bilan shug‘ullanadi.

Endi yangi taklif etilayotgan soddalashtirilgan majburiy ijro institutini joriy etish haqida gapirsam, biz ushbu taklifni faoliyatimizdagi mavjud muammolar, aholining murojaatlari va jamoatchilik fikrini hamda xorijiy tajribani inobatga olgan holda kiritmoqdamiz. Ta'kidlashim kerak, ushbu institut, avvalambor, davlat ijrochilarining vakolatlarini jiddiy ravishda cheklashni nazarda tutadi.

Yangi soddalashtirilgan tartibga muvofiq, qarzdorlikni undirish qarzdor (qarzdor deganda, qonunga muvofiq, sud qarori yoki boshqa ijro hujjatiga asosan muayyan majburiyat yuklatilgan fuqaro yoki yuridik shaxs tushuniladi) bilan muloqotga kirmasdan, uning mol-mulkini xatlash va olib quyish bilan bog‘liq majburiy ijro harakatlarini amalga oshirmasdan, qarzdorga nisbatan turli sanksiyalarni qo‘llamagan holda amalga oshiriladi. Boshqacha aytganda, ushbu tartibda davlat ijrochisi o‘z vakolatlarining faqat ayrimlarini qo‘llash huquqiga ega bo‘ladi.

Ya'ni soddalashtirilgan tartibda davlat ijrochisi faqatgina undiruvni qarzdorning bank hisob raqamlaridagi mablag‘larini, shu jumladan bank plastik kartasiga xizmat ko‘rsatadigan hisob raqamlaridagi mablag‘larni yechib olish orqali, agar qarzdorlik summasi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan ko‘p bo‘lmagan hollarda esa (hozirda 635 ming so‘mgacha) – undiruvni qarzdorning ish haqiga qaratish orqali amalga oshiradi.

Bundan tashqari, soddalashtirilgan tartib faqatgina 3ta toifadagi undiruvlarga nisbatan tatbiq etiladi, bular:

  • ma'muriy jarima undirish to‘g‘risidagi;
  • jismoniy shaxslardan davlat bojini undirish to‘g‘risidagi;
  • jismoniy shaxslardan soliq qarzdorligini undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlaridir.

Undiruv soddalashtirilgan tartibda amalga oshirilganda davlat ijrochisi qarzdorning yashash yoki uning mol-mulki joylashgan joyiga bormaydi, uni bezovta qilmaydi, naqd pullarni yoki mol-mulkni majburiy olib qo‘yish bilan bog‘liq majburlov choralarini qo‘llamaydi. Ayni paytda, ijro hujjatini ixtiyoriy bajarmaganlik uchun sanksiyalar yoki boshqa cheklovlar (masalan, xorijga chiqishni vaqtinchalik cheklash) ham qo‘llanmaydi.

– Soddalashtirilgan majburiy undiruvni amalga oshirish uchun nega yuqoridagi 3ta toifadagi undiruvlar tanlanmoqda?

Tahlillar ko‘rsatdiki, ushbu 3 toifadagi ijro hujjatlari bo‘yicha o‘rtacha qarzdorlik summasi 400 ming so‘mdan oshmaydi. Fikrimizcha, bunday summani deb fuqaroni bezovta qilish, uning mol-mulkini xatlash va olib qo‘yish, turli cheklovlar o‘rnatish kabi davlatning majburlov mexanizmlarini qo‘llash maqsadga muvofiq emas. Mayda summalarni undirishda jiddiy majburlov choralarini qo‘llash jamiyatda ortiqcha ziddiyat va ijtimoiy taranglikdan boshqa narsani olib kelmaydi.

Shu sababli, davlat ijrochilarining kuch va vositalarini murakkab va haqiqatdan ziddiyatli ijro hujjatlariga qaratib, mayda summalarni undirishda undiruvni naqdsiz pul mablag‘lariga qaratish bilan cheklanishni taklif qilyapmiz.

Ta'kidlashim lozimki, bu yangilikning nafaqat fuqarolarimizga, balki MIB uchun ham ijobiy ta'siri bor. Chunki bugungi kunda respublikamizda davlat ijrochilarining ish hajmi o‘rnatilgan normativlardan 16 baravar yuqori. Bu holat ijro samaradorligiga salbiy ta'sir qilib, muddat buzilishiga va aholining haqli e'tiroziga sabab bo‘lmoqda.

Ayni paytda ish hajmining asosiy salmog‘ini, ya'ni qariyb 60 foizini aynan yuqoridagi ijro hujjatlari tashkil etmoqda.

Shu sababli, soddalashtirilgan majburiy ijro institutini joriy etish orqali biz o‘z kuch va vositalarimizdan oqilona foydalanish evaziga ijro samaradorligini oshirishni, shu jumladan ijro muddatlarini ham qisqartirishni maqsad qilganmiz.

Buning uchun biz Toshkent shahrida 2ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda bittadan tumanlararo ijro bo‘limlarini tashkil etishni taklif qilyapmiz. Ushbu bo‘linmalar ish hajmi kam bo‘lgan yoki o‘xshash funksiyalarni bajaradigan shtat birliklarini qisqartirish orqali tashkil etildi. Bo‘limlarning yagona vazifasi yuqoridagi 3ta toifadagi ijro hujjatlarini soddalashtirigan tartibda, masofadan turib ijro etish hisoblanadi.

– Bugungi kunda eng ko‘p muhokama qilinayotgan mavzulardan biri bu MIB tomonidan plastik kartochkalardagi mablag‘lar so‘zsiz yechib olinishi bo‘lyapti. Bu qay darajada asosli harakat?

– Bir narsani alohida ta'kidlashim kerak – MIBning bu vakolati yangilik emas, oldindan bo‘lgan. Hatto MIB tuzilmasdan ilgari ham sud ijrochilarida hisob raqamlaridagi mablag‘larni so‘zsiz yechib olish vakolati bo‘lgan. Plastik kartadagi mablag‘ bu o‘sha hisob raqamdagi pulning bir ko‘rinishi, xolos. Ya'ni bu yerda biror g‘ayritabiiylik yo‘q, Farmon loyihasida MIBga yangi vakolat berish nazarda tutilmagan.

Bunday amaliyot xorijiy davlatlarda ham tabiiy bo‘lib, biz kabi holatlarda, ya'ni sud qarori yoki boshqa ijro hujjati ixtiyoriy ravishda bajarilmagan taqdirda qo‘llanadi.

Eng asosiysi, biz bunday chorani kommunal to‘lovlarni undirishda qo‘llamaymiz. Buning uchun albatta sud qarori talab etiladi.

– Ma'muriy jarimalar bo‘yicha ham faoliyatingizga oid savollar ko‘p...

– Bugungi kunda amaliyotda ma'muriy jarimalarni faqatgina majburiy tartibda undirtirishga qaratilgan tendensiya mavjud bo‘lib, qarorlarning aksariyati majburiy ijroga qaratilmoqda. Bu esa jamiyatda aholi va davlat organlari o‘rtasida ortiqcha ziddiyatlarga va ijtimoiy taranglikka sabab bo‘lmoqda.

Vujudga kelgan vaziyatning asosiy sabablaridan biri jarima va majburiy to‘lovlarni ixtiyoriy ravishda to‘lash bo‘yicha tegishli infratuzilma yaratilmagani va pirovardida aholida jarima va boshqa majburiy to‘lovlarni ixtiyoriy to‘lash madaniyati shakllanmayotgani hisoblanadi.

Mavjud amaliyot tahlili shuni ko‘rsatdiki, ma'muriy jarimalar ixtiyoriy to‘lanmasligiga ma'muriy jarima qo‘llagan organlar MJtK talablariga rioya etmayotgani ham sabab bo‘lmoqda.

Jumladan, davlat ijrochilari majburiy ijro choralarini qo‘llash jarayonida aksariyat hollarda qarzdor unga nisbatan jarima solinganidan xabarsizligi aniqlanyapti. Bu holat aholining asosli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

Bundan tashqari, O‘zR Prezidentining PQ-4236-son qarorida huquqbuzar jarimani qaror topshirilgan kundan boshlab 15 kun muddatda to‘lasa, jarima summasining 70 foizini to‘lashi nazarda tutilgan.

Bu tartib yo‘lga qo‘yilsa, ma'muriy jarima undirish to‘g‘risidagi qarorlarni Byuro organlariga yuborishda MJtK normalariga qatiy rioya etilishi ta'minlanadi; ma'muriy jarimalarni ixtiyoriy to‘lash ko‘rsatkichlari ortadi; davlat ijrochilari va fuqarolar o‘rtasida ziddiyatlar va asossiz noroziliklar kamayadi.

Qiziqarli ma'lumot: MIB faoliyati davomida bir ijro harakati doirasida birdaniga 100 mlrd. so‘mdan ortiq mablag‘ undirilgan holatlar ham mavjud.

Alimentlar masalasiga ham to‘xtalsangiz.

– 2020 yil 1 martdan aliment majburiyatlari bo‘yicha yagona bank hisob raqamini joriy etish hamda aliment majburiyatlari bajarilishini masofaviy monitoring qilish bo‘yicha tizim yaratish taklif etilmoqda. Sababi, aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlarining ijrosi ahvoli Byuroning eng muammoli va aholi noroziligini keltirib chiqaradigan asosiy soha hisoblanadi.

Aliment masalasiga oid murojaatlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining xalq qabulxonasi va virtual qabulxonasiga eng ko‘p kelib tushayotgan murojaatlar bo‘yicha 3-o‘rinni egallamoqda.

Byuroga kelib tushayotgan ijro masalasiga oid murojaatlarning qariyb 60 foizidan ortig‘ini aliment masalalari tashkil etadi.

Aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari respublikada har bir ijrochiga o‘rtacha 100ta ijro hujjatini tashkil etadi va farzandlar voyaga yetgunga qadar har oyda ijro etilishi lozim. Ayni paytda, ijro ish yurituvida boshqa toifadagi ijro hujjatlari ham mavjudligi sababli, davlat ijrochisi har oyda 100ta ijro hujjati bo‘yicha ijroni amalga oshirish va nazorat qilish imkoniyatiga ega emas.

Yangi tartibga ko‘ra, aliment undirish to‘g‘risidagi har bir ijro hujjati bo‘yicha yagona hisob raqamda alohida sub hisob raqamlar ochiladi. Ushbu sub hisob raqamlarda aliment bo‘yicha mablag‘larning harakati amalga oshiriladi.

Barcha aliment to‘lovlari, shu jumladan ish haqidan ushlanmalar yagona hisob raqam orqali amalga oshiriladi. Shuningdek, undiruvchilar aliment pullarini tegishli sub hisob raqamlardan cheklovlarsiz olish imkoniga ega bo‘ladi.

Ayni paytda aliment to‘lovlar bo‘yicha pul mablag‘lari harakati Byuroda yaratilgan va yagona hisob raqamga integratsiya qilingan maxsus dasturiy ta'minotda onlayn rejimda monitoring qilib boriladi. Bunda aliment majburiyatlari qay darajada bajarilayotganini davlat ijrochisi tomonidan, mobil ilova orqali undiruvchi va qarzdor tomonidan monitoring qilib borish imkoniyati yaratiladi.

Xatlangan mol-mulklar savdosi bo‘yicha qanday yangiliklar bor?

– 2020 yil 1 yanvardan majburiy ijro harakatlari davomida xatlangan mol-mulkni narxning oshib borishi tamoyili asosida o‘tkaziladigan auksion savdolariga qo‘yishda mol-mulkning boshlang‘ich narxini baholangan narxdan 30 foizga arzonlashtirilgan miqdorda belgilash taklif etilmoqda. Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, ijro hujjatlari bo‘yicha narx oshib borishi tamoyili asosida o‘tkaziladigan auksionlarga qo‘yilgan mol-mulklarning (avtotransport va ko‘chmas mulk) boshlang‘ich narxi bozor narxida belgilangan taqdirda, potensial sotib oluvchilar ushbu mol-mulkka qiziqish bildirishmayapti hamda bunday mol-mulklarni savdolashish imkoni bor bozorlarda sotib olishni afzal ko‘rishmoqda. Natijada, mol-mulkka qiziqish bo‘lmagani sababli, takroriy auksionlar narxni tushib borishi tamoyili asosida o‘tkazilib, mol-mulklar arzon narxda sotilishi imkoniyati oshmoqda.

Bundan tashqari, amaldagi tartib mol-mulki mavjud qarzdorlarni ixtiyoriy ravishda o‘z mulkini sotib qarzini ixtiyoriy to‘lashga undamayapti. Vaholanki, xorijiy davlatlar tajribasida mol-mulklari arzon narxda savdoga qo‘yilish xavfi qarzdorlarni ixtiyoriy ravishda sud qarorini ijro qilishga undovchi eng ta'sirli vositalardan hisoblanadi.

Bundan kutilayotgan natija fuqaro va yuridik shaxslarni sud qarorlarini ixtiyoriy ravishda ijro etishga undovchi mexanizm yaratiladi; narx oshib borishi tamoyili asosida o‘tkaziladigan auksionlarda talabgorlar soni oshishi hamda mol-mulklar yuqori narxlarda sotilishi ta'minlanadi; ijro hujjatlari ijrosi mol-mulk sotilmayotgani sababli cho‘zilishi holatlari kamayadi.

Suhbatdosh Abror Zohidov, tasvirchi Asad Allanazarov.

Mavzuga oid