14:28 / 11.11.2019
0
24672

Qurolli Kuchlarning Intizom nizomi loyihasi e'lon qilindi

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Intizom nizomi loyihasi muhokama uchun e'lon qilindi.

Nizom talablari xizmat faoliyati oddiy askar, serjant, ofitser va generallar tarkibi lavozimlardagi harbiy xizmatga tenglashtirilgan O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilariga nisbatan qo‘llaniladi.

Nizomning qoidalari rezervdagi harbiy xizmatga majburlarga, shuningdek harbiy xizmatdan farqlash belgilari taqilgan harbiy formali kiyimni kiyib yurish huquqi bilan bo‘shatilgan fuqarolarga nisbatan ular harbiy formali kiyimni kiyib yurgan vaqtda tatbiq etiladi, ayrim istisnoli holatlardan tashqari.

Harbiy intizom – bu barcha harbiy xizmatchilarning qonun, harbiy Nizomlar tomonidan, komandirlar (boshliqlar) buyruqlari bilan belgilangan tartib va qoidalarga qat'iy va aniq rioya etilishidir.

Harbiy intizom har bir harbiy xizmatchining O‘zbekiston Respublikasi suverenitetini himoya qilishga bo‘lgan harbiy va fuqarolik burchi, shaxsiy mas'uliyati, o‘z xalqiga mislsiz sadoqatini his qilishiga asoslanadi.

Harbiy xizmatchilarda yuksak intizomni tarbiyalashning asosiy usuli ishontirishdir. Ammo ishontirish o‘z harbiy burchiga sidqidildan yondashmaganlarga nisbatan majburiy choralar ko‘rishni istisno etmaydi.

Harbiy intizom har bir harbiy xizmatchidan quyidagilarni talab etadi:

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga qat'iy rioya qilish, Vatanga qasamyodga sodiq bo‘lish;

o‘z harbiy burchini mohirlik va jasorat bilan bajarish, harbiy ishni vijdonan o‘rganish, kasbiy mahoratini oshirish, harbiy va davlat mulkini asrash;

harbiy xizmat qiyinchiliklarini mardonavor yengish, harbiy burchini bajarish uchun o‘z jonini ham ayamaslik;

sergak bo‘lish, harbiy va davlat sirlarini qat'iy saqlash;

harbiy xizmatchilar o‘rtasidagi umumharbiy nizomlarda belgilangan o‘zaro munosabatlarni qo‘llab-quvvatlash, askariy birodarlikni mustahkamlash va o‘zaro yordam ko‘rsatish;

komandirlarga (boshliqlarga) va o‘zaro hurmat ko‘rsatish, harbiycha salom-alik va xushfe'llik qoidalariga rioya qilish;

jamoat joylarida o‘zini munosib tutish, nomunosib xatti-harakatlardan o‘zini va boshqalarni tiyib qolish;

komandirga (boshliqqa) huquqbuzarliklarni oldini olish, huquqiy madaniyatni oshirish, yuksak harbiy intizom va huquqiy tartibotni ta'minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga ko‘maklashish.

Yuksak harbiy intizomga quyidagilar orqali erishiladi:

harbiy xizmatchilarda yuksak ma'naviy-ruhiy va jangovar fazilatlarni hamda komandirlariga (boshliqlariga) ongli tarzda bo‘ysunishni shakllantirish;

har bir harbiy xizmatchining o‘z majburiyatlari va umumharbiy nizomlar talablarini bajarishga shaxsiy mas'uliyati;

harbiy bo‘linmada ichki tartibni saqlash, barcha harbiy xizmatchilarning kun tartibi va xizmat vaqti reglamentiga qat'iy rioya qilishi;

jangovar tayyorgarlikni puxta tashkil etish va u bilan butun shaxsiy tarkibning qamrab olinishi;

komandirlarning (boshliqlarning) o‘z bo‘ysunuvchilarga shaxsiy namunaligi va kundalik talabchanligi va ularning ijrochiligini nazorat qilishi, harbiy xizmatchilarning huquqlari va sha'nini hurmat qilish, ular haqida doimiy qayg‘urish, ishontirish, majburlash, jamoatchilik ta'siri kabi omillarni to‘g‘ri uyg‘unlashtirish va o‘rnida qo‘llash;

harbiy bo‘linmada zarur moddiy va ijtimoiy-maishiy sharoitlarni yaratish.

Harbiy bo‘linmadagi harbiy intizom holatiga barcha pog‘onadagi komandirlar (boshliqlar) va ularning o‘rinbosarlari javobgardir, ular doimo yuksak harbiy intizomni saqlashga, o‘z bo‘ysunuvchilardan unga rioya qilishni talab etishga, munosiblarni taqdirlab, layoqatsizlarga qattiqqo‘l bo‘lishi, lekin adolatli ta'zir choralarini qo‘llashga majburdirlar.

Harbiy qismda (muassasada) yuksak harbiy intizomni saqlash maqsadida komandir (boshliq) quyidagilarga majburdir:

bo‘ysunuvchilarning shaxsiy fazilatlarini o‘rganish, ular o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni umumharbiy nizomlarda ko‘rsatilgan qoidalar asosida saqlash, harbiy jamoani jipslashtirish, harbiy xizmatchilar o‘rtasida do‘stlikni mustahkamlash;

harbiy intizomning asl holati va shaxsiy tarkibning ma'naviy-ruhiy holatini bilish, bo‘ysunuvchilarning komandirlar (boshliqlar) talabi va harbiy intizomni mustahkamlash bo‘yicha vazifa va usullarini yakdil anglab yetishlariga erishish, ularning shaxsiy tarkibni ma'naviy-ruhiy holatini mustahkamlash va yuksaltirish bo‘yicha faoliyatiga rahbarlik qilish rag‘batlantirish va intizomiy ta'zir choralarini qo‘llash amaliyotiga o‘rgatish;

huquqiy targ‘ibot ishlarini tashkillashtirish, huquqbuzarliklarni oldini olish, harbiy xizmatni o‘tash uchun xavfsiz sharoitlarni ta'minlash, ko‘ngilsiz hodisalar va turli salbiy holatlarga yo‘l qo‘ymaslikka qaratilgan ishlarni olib borish;

xizmatni o‘tash qoidalarining buzilishi aniqlangan holatlarni zudlik bilan bartaraf etish, harbiy bo‘linmaning jangovar holatiga raxna soluvchi har qanday xatti-harakatning qat'iy tarzda oldini olish;

bo‘ysunuvchilarni harbiy intizom talablarini so‘zsiz bajarish va yuksak ijrochilik ruhida tarbiyalash, ularda shaxsiy g‘urur, harbiy sha'n va harbiy burch tuyg‘usini o‘stirish va qo‘llab-quvvatlash, harbiy jamoada harbiy intizom buzilishi va ijtimoiy adolatsizlik holatlariga murosasizlik kayfiyatini yaratish va bunda oshkoralikdan keng foydalanish;

bo‘ysunuvchilarning ma'naviy-ruhiy holati va harbiy intizomni muntazam tahlil qilib borish, o‘z vaqtida va xolislik bilan bu haqda o‘zidan yuqori turuvchi komandirga (boshliqqa) hisobot berish, jinoyat va hodisalar to‘g‘risida esa zudlik bilan xabar berish.

Harbiy xizmatchilarning shaxsiyati, sha'ni va g‘ururini hurmat qilish, ularni huquqiy va ijtimoiy himoyasi to‘g‘risida qayg‘urish komandir (boshliq)ning muhim majburiyatidir.

Komandir (boshliq) o‘z bo‘ysunuvchilarga g‘amxo‘rlik qilishga, ularning talab va ehtiyojlarini bilishga va uning qondirilishiga erishishga, bo‘ysunuvchilarining shaxsiy g‘ururi toptalishiga va ularga nisbatan qo‘pollikka yo‘l qo‘ymasligi, ularga doimo qonun, umumharbiy nizom va buyruqlarni qat'iy bajarishda namuna bo‘lishi, axloqiy pokizalik, kamtarlik va adolatlilikda o‘rnak bo‘lishga majburdir.

Har bir harbiy xizmatchi o‘zining huquq va qonuniy manfaatlarining himoya qilinishiga to‘la ishonishi, komandir (boshliq) tomonidan uning shaxsiy daxlsizligini ta'minlanishi, o‘z sha'ni va g‘ururining hurmat qilinishiga g‘amxo‘rlikni his qilishi kerak.

Komandirning (boshliqning) harbiy intizomni ta'minlash borasidagi faoliyati ularning qonunlar va umumharbiy nizomlarga rioya qilishi, o‘zining intizomiy hokimiyatidan qonuniy foydalanishi va tartib o‘rnatish uchun o‘z vazifasini bajarishi hamda harbiy intizom buzilishining o‘z vaqtida oldini olishi bilan baholanadi.

Harbiy intizom buzilishi holati, jinoyat va boshqa huquqbuzarliklarni yashirishga yo‘l qo‘ygan, nizomiy tartib va harbiy intizom talablariga rioya qilinishi uchun zarur shart-sharoitlarni ta'minlamagan, ularni tiklash uchun choralar ko‘rmagan komandir (boshliq) qonunda belgilangan javobgarlikka tortiladi.

Biror bir huquqbuzar kimsa javobgarlikdan bo‘yin tovlamasligi va aybsiz biror kimsa nohaq jazoga tortilmasligi kerak.

Bo‘ysunuvchilarining xizmat faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan huquqbuzarligi hamda komandirning (boshliqning) bevosita faoliyatining natijasi bo‘lmagan yoki ularni oldini olish bo‘yicha chora ko‘rmaganligi uchun u javobgar bo‘lmaydi.

Yakkaboshchilikning asosiy prinsipi komandirning (boshliqning) buyruq berish huquqi va uni bo‘ysunuvchilarning so‘zsiz bajarishi hisoblanadi.

Komandirga (boshliqqa) ochiqchasiga bo‘ysunmaslik yoki qarshilik ko‘rsatish hollari yuz berganida, tartib va intizom o‘rnatish uchun u aybdorni qonun va umumharbiy nizom doirasida barcha majburlash choralarini qo‘llashi, hatto uni jinoiy javobgarlikka tortishi mumkin. Bunday holda qurolni qo‘llash jangovar vaziyatda ham tinchlik davrida ham qonunlarda belgilangan tartibda istisno tarzda, noilojlik sharoitida amalga oshirilishi mumkin.

Komandirlarning (boshliqlarning) intizomiy huquqlari shtat bo‘yicha egallab turgan yoki vaqtincha bajarib kelayotgan lavozimiga (majburiyatiga) muvofiq belgilanadi.

Komandir (boshliq) o‘z lavozimiga kirishgan vaqtdan boshlab, ushbu lavozimni doimiy yoki vaqtincha bajarishidan qat'iy nazar egallab turgan lavozimi bo‘yicha (xizmat mavqeiga muvofiq) intizomiy hokimiyatga ega bo‘ladi va ushbu hokimiyatdan tegishli buyruqqa asosan ish lavozimini (majburiyatlarini) topshirguniga yoki lavozimdan ozod qilingunga (chetlatilgunga) qadar foydalanadi.

Har bir komandir (boshliq) o‘ziga berilgan vakolati doirasida mustaqil ravishda o‘z bo‘ysunuvchilariga nisbatan qonunlarda va ushbu nizomda belgilangan rag‘batlantirish va intizomiy ta'zirlarni qo‘llash huquqiga ega.  

Kichik lavozimdagi komandirlarga (boshliqlarga) berilgan intizomiy hokimiyat har doim katta komandirlarga (boshliqlarga) ham taalluqlidir.

Bo‘linma, harbiy qism va birlashma komandirlarining o‘rinbosarlari o‘z bo‘ysunuvchilarga nisbatan intizomiy hukm o‘tkazishda bevosita boshliqlariga nisbatan bir pog‘ona past hokimiyatga egadirlar.

Komandirlar (boshliqlar) faqat ularga berilgan vakolat doirasida hamda faqat taalluqli bo‘lgan harbiy xizmatchilarga nisbatan egallab turgan lavozimi bo‘yicha intizomiy hokimiyatdan foydalanish huquqiga ega.

Komandirlar (boshliqlar) boshqa biror-bir rag‘batlantirish yoki intizomiy ta'zir choralarini belgilash shuningdek, ularni qo‘llash bo‘yicha belgilangan tartibni o‘zgartirish huquqiga ega emas.

O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vaziri harbiy xizmatchilar va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari rezervida bo‘lgan harbiy xizmatga majburlarga nisbatan, tegishli vazirliklar rahbarlari esa o‘zlariga bo‘ysunuvchi qo‘shinlarning harbiy xizmatchilariga nisbatan Nizomda ko‘rsatilgan intizomiy ta'zirlarni to‘la qo‘llash huquqiga egadirlar, egallab turgan lavozimda yoki harbiy unvonda bir pog‘ona pasaytirish, harbiy xizmatchi degan unvonni obro‘sizlantiradigan xatti-harakat soldir etgani uchun harbiy xizmatdan bo‘shatish to‘g‘risida qaror O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti – O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qo‘mondoni tomonidan qabul qilish holatlar bundan mustasno.

Oliy harbiy ta'lim muassasalari boshliqlari o‘ziga bo‘ysunuvchi shaxslarga nisbatan birlashma komandirining intizomiy hokimiyatidan foydalanadilar.

Oliy harbiy ta'lim muassasalari kursantlariga nisbatan rag‘batlantirishlar va intizomiy ta'zirlar kontrakt bo‘yicha harbiy xizmat o‘tayotgan serjant va oddiy askarlar tarkibiga mansubdagilar kabi qo‘llaniladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti – O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Oliy Bosh Qo‘mondoni Nizomdagi intizomiy hokimiyatga to‘laligicha ega.

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top