Komissiya yig‘ilishi, yoshlar va shahar rahbariyati bilan uchrashuv, fuqarolar uchun qabul - Tanzila Norboyevaning Samarqanddagi bir kuni
Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi, Odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish respublika komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva ishtirokida odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Mazkur yig‘ilish boshlanishidan avval T.Norboyeva 80 yoshini qarshilagan «Nuroniy» jamg‘armasi Samarqand viloyat bo‘limi raisi, O‘zbekiston qahramoni Hasan Normurodovga prezident tabrigini o‘qib eshittirdi. Nuroniy yubilyarga sovg‘alar berildi.
T.Norboyeva majburiy mehnatga barham berish masalalariga to‘xtalar ekan, jahon hamjamiyati oldida bu mamlakat imijini yaxshilash yo‘lida eng muhim omil ekanligini aytib o‘tdi.
Xorijda ishlayotgan fuqarolarga huquqiy yordam berish masalalariga to‘xtalar ekan, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi faqatgina o‘zi yuborgan fuqarolarga har tomonlama ko‘mak ko‘rsatib, qolgan fuqarolar bee'tibor qolayotgani aytib o‘tildi.
Odam savdosiga qarshi kurashish masalasi yuzasidan olib borilayotgan ishlar borasida so‘zga chiqqan Samarqand viloyati IIB boshlig‘i Sh.Rahmonov shunday dedi:
«Viloyatda majburiy mehnat va odam savdosiga qarshi kurashishda jazoning muqarrarligini ta'minlash, odam savdosi qurboniga aylanib qolishning oldini olish va bundan jabr ko‘rganlarga ijtimoiy ko‘mak berishga alohida e'tibor qaratilayapti.
Joriy yilning 10 oyida viloyatda odam savdosi bilan bog‘liq 8 ta holat aniqlangan. Mazkur jinoyatlarda 10 nafar shaxslarning jinoiy javobgarligi ta'minlangan. Hisobot davrida chet davlatlardan turli sabablarga ko‘ra deportatsiya qilingan 273 nafar shaxs bilan yakka tartibda profilaktik ishlar olib borilgan».
So‘zga chiqqan viloyat bandlik bosh boshqarmasi boshlig‘i A.Usmonovning ma'lumot berishicha, viloyatdagi korxona va tashkilotlarida 13 ta holatda majburiy mehnat ko‘rinishlari aniqlangan.
Joriy yilgi paxta yig‘im-terimi jarayonida Samarqand viloyati bandlik bosh boshqarmasi davlat mehnat inspeksiyasi hududiy davlat mehnat inspektorlari tomonidan 86 ta monitoring ishlari olib borilgan.
Majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida viloyat bandlik bosh boshqarmasining davlat mehnat inspeksiyasi tomonidan 2019 yilning o‘tgan 10 oyi davomida fuqarolardan kelgan murojaatlar asosida 18 ta korxona va tashkilotda majburiy mehnatga jalb etish holatlari o‘rganilgan va 13 ta holatda majburiy mehnat ko‘rinishlari aniqlangan hamda aybdor shaxslarga nisbatan ma'muriy ishlar qo‘zg‘atilgan.
Shu kuni Samarqandda xizmat safarida bo‘lib turgan T.Norboyeva yoshlar bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Unda Senat raisi parlament faoliyati, qonunchilik sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, joriy yil 22 dekabr kuni bo‘ladigan saylovlar haqida so‘z yuritdi. Shundan so‘ng yoshlarning savol, taklif va istaklari eshitildi.
Shundan so‘ng yoshlar markazida Senatga ariza yo‘llagan fuqarolar bilan ham Senat raisining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Ular bilan suhbatlashib, arzlari tinglandi. Qabul vaqtida bildirilgan muammo va takliflar yuzasidan mutasaddilarga zarur topshiriqlar berildi. Senat raisi qabuli vaqtida fuqarolar ko‘targan ko‘pchilik masalalarga shu yerning o‘zida yechim topildi.
Ish kuni nihoyasida T.Norboyeva Samarqand shahar hokimligida Xalq deputatlari Samarqand shahar kengashi faoliyati bilan tanishdi. Shahar aholisi farovonligini ta'minlash masalalarida olib borilayotgan ishlar, mavjud muammolar, joriy yilning 22 dekabr kuni o‘tkaziladigan saylov jarayonlariga tayyorgarlik masalalari bilan qiziqdi.
Shuhrat ShOKIRJONOV, Kun.uz muxbiri
Faxriddin HOTAMOV, fotomuxbir.
Mavzuga oid
09:28 / 08.11.2024
Samarqandga 100 ta elektrobus olib kelinadi
10:53 / 07.11.2024
Misr Samarqand viloyati tuman va shaharlarida suv ta’minoti tizimini modernizatsiya qilishi mumkin
21:44 / 01.11.2024
Samarqandda avtobus salonini ayollar va erkaklar uchun ajratgan haydovchiga chora ko‘rildi
11:44 / 31.10.2024