San'atkorlarning «O‘zbekkonsert» bilan ziddiyatlari odamlarda «litsenziya» so‘ziga nisbatan birmuncha salbiy qarash shakllanishiga olib keldi. Shu boisdan bo‘lsa kerak, Jahongir Otajonov va boshqa bir necha ijodkorga litsenziyasi qaytarib berilganidan 10 kuncha o‘tib, o‘qituvchilar faoliyatini majburiy litsenziyalash haqida chiqqan xabar ijtimoiy tarmoqlarda turli qarama-qarshi fikrlarga sabab bo‘ldi.

Kimdir litsenziya o‘qituvchilar yelkasiga yuklangan og‘ir yuk, korrupsiyaga yo‘l ochadi, deya fikr bildirsa, boshqalar unga kafolat, himoya sifatida qaramoqda.

Siyosiy partiyalar qanaqa fikrda?

6 noyabr kuni xalqaro matbuot markazida shu mavzu ko‘tarilgan edi. O‘zAning yozishicha, unda siyosiy partiyalar vakillari masalaga o‘z munosabatlarini bildirgan.

«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi vakili Munira Qahhorova: «O‘qituvchilarni litsenziyalash ta'lim sohasida korrupsiyani vujudga keltiradi. O‘qituvchilar fanga mehr berish o‘rniga faqat litsenziya olishni o‘ylab qoladi. O‘qituvchining o‘z faniga bo‘lgan mehri yo‘qoladi. Shu bois bizning partiya Xalq ta'limi vazirligi tomonidan ilgari surilgan o‘qituvchilarni litsenziyalashga qarshi».

«Adolat» sotsial-demokratik partiyasi liderining axborot siyosati bo‘yicha maslahatchisi Bahrom Burxoniddinov: «O‘qituvchilarni litsenziyalash, sertifikatlash qog‘ozbozlikni ko‘paytirishdan boshqa narsa emas. Ta'limdagi muammolarni bu yo‘l bilan hal etib bo‘lmaydi. Maktablararo va o‘qituvchilar o‘rtasida raqobatni kuchaytirish lozim».

Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi vakilining aytishicha, Xalq ta'limi vazirligi o‘qituvchilarni litsenziyalash haqida e'lon qilishdan oldin Qonunchilik palatasi bilan kelishmagan. Shuningdek, o‘qituvchilarni litsenziyalash monopoliyani keltirib chiqarishi mumkin.

Jamoatchilik munosabati qanday?

Prezident qarori loyihasi 25 oktyabrda muhokamaga qo‘yilgan edi. Portalda loyiha yuzasidan turli fikr va savollar qoldirilgan.