Jamiyat | 17:19 / 20.11.2019
7815
8 daqiqa o‘qiladi

Quyultirilgan sut tanlashda nimalarga e'tibor berish kerak?

Odatda bozor yoki do‘konda mahsulot xarid qilayotganimizda birinchi navbatda uning narxiga e'tibor beramiz. Biroq ayrim holatlarda narxidan ham ko‘ra sinalgan, ancha vaqtdan beri foydalanib kelayotgan oziq-ovqat mahsulotlarni tanlaymiz. Shu o‘rinda savol tug‘iladi: olib iste'mol qilayotgan mahsulotlarimizning sifati va tarkibi qanchalik talabga javob beradi? Keyinchalik sog‘ligimizda muammolar yuzaga kelmasligi uchun nimalarga e'tibor berish kerak?

Sovuq kunlar kirib kelishi bilan oila davrasida kechalari o‘tirib pishiriqlar bilan choy ichishda yoki ertalablari nonushta vaqtida tez-tez dasturxonimizda ko‘rinish beradigan mahsulotlardan biri quyultirilgan sut hisoblanadi. Universal sanaluvchi ushbu shirin massa pazandalikda ko‘p ishlatiladi. Choyga qo‘shib ichishning ham zavqi boshqacha. Tabiiyki, aksariyatimiz azaldan saqlanib qolingan an'anaga ko‘ra mana bunday idishdagi quyultirilgan sutni tanlaymiz:

Ammo unutmaslik kerakki, mahsulot uzoq vaqt davomida sinalgan bo‘lsa-da, bugunga kelib uni ishlab chiqaruvchilar soni oy bo‘lmasa ham, yil sayin ortib bormoqda. Nomlari ham turfaki, ba'zan adashib ketmaslikning iloji yo‘q. Ayni o‘rinda idishni sinchiklab ko‘zdan kechirish talab qilinadi. Buning ustiga, peshtaxtada yoki bozor rastasida turgan mahsulotning faqat narxi yoki savdo belgisiga qarab olishga o‘rgangan bo‘lsangiz, vazifa ikki baravar qiyinlashadi. Narxi qancha baland bo‘lsa, sifati ham shunaqa, degan qoida barcha joylarda ham ish bermasligi mumkinligini unutmang.

Quyultirilgan sut nimalardan tarkib topishini hammamiz juda yaxshi bilamiz – sut va shakar. Ammo zamonaviy ishlab chiqaruvchilar mazkur qoidaga amal qilishyaptimi? Keling, avvalo quyultirilgan sutga qo‘yiladigan asosiy talablarni ko‘rib chiqamiz:

Davlat Standarti (GOST) bilan tasdiqlangan

Pasterizatsiyalangan yaxlit sigir suti - 88%

Shakarli sirop - 12%

Standarti

  • Yog‘lilik darajasi - 8,5%
  • Namlik - 26% dan ko‘p emas
  • Shakar - 43,5% dan kam emas
  • Kremli tusga ega oqish rang
  • Quyuq, bir tekis aralashma
  • Tabiiy qaymoqqa o‘xshash shirin ta'm
  • Saqlash muddati - 0 dan 10 daraja haroratgacha 12 oy (temir idishda), plastmassa idishda 3-4 oy.

Tarkibida nimalar bo‘lmasligi shart?

  • O‘simlik oqsillari
  • O‘simlik yog‘lari
  • Quyuqlashtiruvchi moddalar
  • Bo‘yoqlar (shu jumladan Titanium dioksid)
  • Shirin ta'm beruvchilar
  • Spora, zamburug‘lar
  • Tashqi qavat, qopqoq va tubidagi notekis shakl
  • Bankadagi bo‘ylama temir choklarning zanglagan dog‘lari va nuqsonlari.

Mutaxassislarning ta'kidlashlaricha, quyultirilgan sut eng ko‘p qalbakilashtiriladigan mahsulot sanaladi. Bugungi kunda tekshirilsa, u nafaqat Titanium dioksid kabi bo‘yoqlar, balki 100% palma yog‘idan ham iborat bo‘lgan holatlar uchrab turadi. Bundan tashqari, aksar ishlab chiqaruvchilar o‘zlari «yaratgan» massani «quyultirilgan sut», deb atashdan ham uyalishmaydi.

«Shakarli quyultirilgan sut ishlab chiqarishda tozalangan deodorized palma yog‘idan foydalanish berilgan tarkibiy va mexanik xususiyatlarini saqlab qolgan holda qandolat mahsulotlari ishlab chiqarish imkonini beradi, shuningdek, ularning yaroqlik muddatini uzaytiradi», deb bilishadi.

Boshqa bir ishlar chiqaruvchilar esa: «shakarli quyultirilgan sut ishlab chiqarishda quruq sut va o‘simlik yog‘lar ishlatish sut yetishmovchiligi hamda mahsulot tannarxini kamaytirish kabi muammolarni hal qiladi», deb ta'kidlashadi.

Qanday vajlarni keltirishlaridan qat'iy nazar ishlab chiqaruvchilar mahsulot idishida tarkib nimalardan iboratligini haqqoniy ko‘rsatishsa ham mayli edi.

Quyultirilgan sut ishlab chiqarishda quruq sut, qaymoq, maslyanka, shakar va sut shakar (laktoza), suvga ruxsat berilgan. Boshqa hech narsa tarkibdan o‘rin olmasligi kerak.

Agar qadoqda o‘simlik yog‘i, quyuqlashtiruvchi moddalar va boshqa kimyoviy qo‘shimchalar ko‘rsatilsa, bu quyultirilgan sut hisoblanmaydi.

Bundan tashqari, mahsulot «Shakar bilan quyultirilgan toza sut» (Moloko tselnoye sgushchennoye s saxarom) yoki «Moloko sgushchennoye s saxarom» deb yozilishi kerak. Agar qadoqda «Quyultirilgan sut» (Moloko sgushchennoye), «Maxsus quyultirilgan sut» (Moloko sgushchennoye osoboye), «Quyultirilgan sutcha» (Sgushchenka), «Qaynatilgan quyultirilgan sut» (Varenaya sgushchenka), «Qaynatilgan sut» (Varenka), deb yozilgan bo‘lsa, bu 100% haqiqiy toza mahsulot sanalmaydi.

Ko‘pincha siz quyultirilgan sut, deb o‘ylaydigan massa tarkibidagi palma yog‘i turli souslar orqali maskirovkalangan bo‘ladi: palma yog‘i, kokos yog‘i, o‘simlik yog‘i, sutli yog‘ muqobili kabilar.

Xo‘sh, nega korxonalar palma yog‘i yoki uning o‘rniga yashirib yoziladigan moddalardan foydalanishadi?

An'anaviy usulda quyultirilgan sutni tayyorlash — qimmat va uzoq jarayon, chunki toza sigir suti juda tez ayniydi. Ko‘pgina ishlab chiqaruvchilar quruq sut kukunini olib odatdagidek ko‘pirtirish uchun ko‘pincha palma yog‘i qo‘shishadi.

Axir, palma yoki kokos yog‘i tabiiy yog‘larning arzon o‘rinbosari. U uzoq vaqt davomida yaxshi saqlanadi, ammo mutlaqo foydali emas, mazkur yog‘ning doimiy iste'mol qilinishi jiddiy kasalliklarga olib kelishi mumkin.

Afsuski, bunday past sifatli quyultirilgan sut tabiiysidan farq qilmaydi. Buning uchun, yuqoridagi aytilganidek, tarkibini yaxshilab qarash lozim.

Palma yog‘i kulrang bo‘lgani sababli quyultirilgan sut rangini olishi uchun biroz oqartirish kerak. Jarayonda Titanium yog‘ upasi yoki Titanium dioksit (E171) yordam beradi. Mazkur bo‘yoq noorganik pigment, ta'mi va rangi bo‘lmagan oq kukun. Kauchuk, bo‘yoq va bo‘yoq materiallari, qog‘oz ishlab chiqarishda pigment va to‘ldiruvchi sifatida ishlatiladi.

Bundan tashqari, quyultirilgan sutni sun'iy quyuqlashtirish uchun modifikatsiyalangan kraxmal qo‘shilishi mumkin, lekin u mahsulot ta'mini buzadi. Shuning uchun, aromatizatorlar, shirin ta'm beruvchilar, shakar muqobili va karboksimetilsellyuloza qo‘shiladi. Bunday quyultirilgan sut ishlab chiqaruvchiga arzonga tushadi, ko‘rinishi va ta'mi esa tabiiysi bir xil bo‘ladi. Shunday ekan, tarkibida o‘simlik yog‘i yoki uning o‘rnini bosuvchi biror qo‘shimcha tilga olinib yozilgan mahsulotni xarid qilmaslik tavsiya etiladi.

Mahsulotni tanlash borasidagi qarashlaringizni qayta ko‘rib chiqish ham salomatligingiz, ham iqdisodingizga foyda bo‘lishini unutmang. Har safar do‘kon yoki bozordan xarid qila turib, qadoqqa qarab chiqishni unutmang.

Madina Nurmanova

Mavzuga oid