O‘zbekiston | 07:57 / 26.11.2019
3654
4 daqiqa o‘qiladi

Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish: AQSh vakillari dekabrda O‘zbekistonga tashrif buyuradi

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

2019 yil 25 noyabr kuni Toshkent shahrida Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasining AQSh davlat departamenti a'zolari bilan videokonferensiya shaklidagi birinchi muloqoti bo‘lib o‘tdi.

Senat axborot xizmatiga ko‘ra, unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva ishtirok etdi va nutq so‘zladi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekistonda odam savdosi va majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida qabul qilinayotgan chora-tadbirlar xususida fikr almashildi.

Ta'kidlanganidek, odam savdosiga qarshi kurashish va majburiy mehnatga yo‘l qo‘ymaslik masalasi mamlakatda davlat siyosati darajasiga ko‘tarilgan. Buni so‘nggi uch yilda mazkur yo‘nalishda 13 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganligidan ham ko‘rish mumkin.

Bundan tashqari, joriy yilning iyul oyida prezidentning tegishli farmoni asosida Odam savdosiga qarshi kurashish bo‘yicha respublika idoralararo komissiyasi faoliyati tugatilib, uning o‘rniga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi rahbarligidagi Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish milliy komissiyasi tashkil etildi hamda ushbu masala bo‘yicha “Milliy ma'ruzachi” instituti joriy etildi.

Hozirda komissiyaning barcha huquqiy asoslari yaratilib, Milliy komissiya va uning tarkibidagi kichik komissiyalar, hududiy komissiyalarning ishini tizimli yo‘lga qo‘yish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining ish samaradorligini yangi bosqichga olib chiqish, ularning hamkorligini kuchaytirishga qaratilgan qator choralar belgilandi. Xususan, 2019-2020 yillarda odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish sohasida davlat organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha birinchi navbatda amalga oshiriladigan chora-tadbirlar rejasi qabul qilindi.

Xalqaro mehnat tashkiloti, AQSh davlat departamenti, “Cotton Campaign” va “Human Righs Watch” xalqaro tashkilotlari tavsiyalarini inobatga olgan holda odam savdosi va majburiy mehnat sohasida O‘zbekistonning pozitsiyasini yaxshilashga qaratilgan “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi. Shuningdek, xorijda bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining huquq va erkinliklari himoya qilinishini ta'minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar dasturi qabul qilingan.

Bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo‘l qo‘yilganlik uchun javobgarlik normasini kuchaytirish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi, hozirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida ko‘rib chiqilmoqda.

Xalqaro Mehnat Tashkiloti bilan qishloq xo‘jaligi sohasida majburiy mehnatga qarshi kurashish borasida 2013 yildan boshlangan hamkorlik ishlari o‘zining ijobiy samarasini bermoqda.

AQSh davlat departamenti vakillari O‘zbekistonda ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatladi, shuningdek mamlakatda majburiy mehnatdan foydalanish borasidagi vaziyatni monitoring qilish bo‘yicha XMT guruhi ishidan mamnun ekanlarini bildirdi. AQSh tomonining bu yo‘nalishda maslahatlashuvlar o‘tkazish va ishlarni o‘rganishni davom ettirish uchun joriy yil dekabr oyida O‘zbekistonga tashrif buyurishga tayyorligi bildirildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid