Jahon | 19:53 / 26.11.2019
18819
2 daqiqa o‘qiladi

Polsha Britaniyadan o‘zining 100 tonna oltinini qaytardi

Foto: nbp.pl

Polsha milliy banki Britaniyadan 1939 yilda Ikkinchi jahon urushi boshlangandan keyin u yerga jo‘natilgan 100 tonna oltinini qaytarish bo‘yicha katta ko‘lamli amaliyotni yakuniga yetkazdi. Amaliyot maxfiy ravishda o‘tkazilgan, deb xabar berdi RMF24 nashri.

Ta'kidlanishicha, oltinni tashishga bir necha ming kishi jalb qilingan. Ulardan aksariyati bank xavfsizlik xizmati xodimlari bo‘lgan. Oltin yombilar noyabr davomida Polshaning Varshava va Poznandagi aeroportlariga samolyotlarda yetkazilgan. Hammasi bo‘lib 8 ta reys amalga oshirilgan.   

Foto: nbp.pl

So‘ngra oltin yuk mashinalarida butun Polsha bo‘ylab oltin saqlanadigan joylarga tarqatilgan. Qaytarilgan oltinning umumiy qiymati 4,2 mlrd yevroni tashkil qiladi. Angliya milliy banki oltinning bir qismini joriy hisob-kitoblar uchun qoldirgan. 

Foto: nbp.pl

Polsha oltini Angliyaga Ukraina, Ruminiya, Turkiya, Suriya, Livan va Fransiya orqali yetkazilib, u yerda 80 yil saqlangan.

Foto: nbp.pl

2019 yil iyul oyi holatiga ko‘ra, Polshaning oltin zaxirasi 228,6 tonnani tashkil qiladi. Polsha oltin zaxirasi hajmi bo‘yicha Yevropada 11-o‘rinni, dunyo bo‘yicha esa 22-o‘rinni egallaydi.

Шуҳрат Раҳимов
Tayyorlagan Шуҳрат Раҳимов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid