O‘zbekiston | 14:32 / 27.11.2019
2316
3 daqiqa o‘qiladi

BAAda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining vakolatxonasi ochildi

BAAda O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining «UzFDI» vakolatxonasi ofisi Abu-Dabida joylashtirilgan holda tashkil etildi.
 
Norma’ning yozishicha, uning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

• oliy va yuqori darajadagi tashriflar yakunlari bo‘yicha «yo‘l xaritalari»ga kiritilgan BAA bilan savdo-iqtisodiy, investitsiya va moliyaviy-texnik hamkorlik bo‘yicha aniq loyihalar va dasturlarning tizimli monitoringi va amalga oshirilishini ta'minlash;
• O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyoti tarmoqlari va infratuzilmasini rivojlantirish va modernizatsiyalash uchun BAAning yetakchi kompaniyalari, investitsiya fondlari va moliya institutlari tomonidan taqdim etiladigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar, ilg‘or texnologiyalar va moliyaviy-texnik ko‘maklashish mablag‘larining jalb etilishi, shuningdek samarali o‘zlashtirilishini ta'minlash;
• mahalliy tovarlar va xizmatlarni eksport qilish hajmlarini oshirish, O‘zbekistondan BAA bozoriga uzoq muddatli eksport qilishni tashkil etish hisobiga o‘zaro tovar aylanmasi nomenklaturasini kengaytirishga ko‘maklashish;
• tadbirkorlik sub'yektlariga salohiyatli investorlarni topish, sheriklik aloqalarini o‘rnatish, savdo va investitsiya shartnomalarini tuzish hamda hamkorlikning boshqa shakllarini rivojlantirishda har tomonlama ko‘maklashish;
• tashqi savdo infratuzilmasini rivojlantirish, tranzit salohiyati darajasini oshirish, logistika va transport yo‘laklarini takomillashtirish, eksport yo‘nalishlarini diversifikatsiyalash bo‘yicha amaliy choralar ko‘rish va h.k.
 
Bundan tashqari, UzFDI O‘zbekistonning BAAdagi xorijiy muassasalariga respublikaga investitsiyalar, moliyaviy-texnik ko‘maklashish mablag‘lari va sayyohlarni jalb qilish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tovarlari va mahsulotlarini eksport qilishga ko‘maklashadi.    
 
Vakolatxona ITSVga hisobot beradi hamda o‘z faoliyatini investitsiyalar va tashqi savdo vazirining umumiy rahbarligida amalga oshiradi. UzFDI direktori ITSV rahbari tomonidan lavozimga tayinlanadi va lavozimdan ozod etiladi. U maqomi bo‘yicha O‘zbekistonning BAAdagi elchixonasi maslahatchisi lavozimiga tenglashtiriladi va O‘zbekistonning mazkur davlatdagi xorijiy muassasalari bilan yaqindan hamkorlikda faoliyat yuritadi.
 
UzFDI'ga direktordan tashqari uch nafar menejyer (energetika sohasidagi investitsiyalar bo‘yicha; moliyaviy-texnik hamkorlik bo‘yicha; logistika, transport va turizm sohasidagi investitsiyalar bo‘yicha), ofis-menejyer (devonxona mudiri), kotib-tarjimon (katta hisobchi) va haydovchi ishga olinadi. Barchasining majburiyatlari va ularning faoliyatini baholash mezonlari belgilanadi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid