IIBB: maxsus signallarni yoqqan holda qarama-qarshi yo‘nalishdan harakatlangan «tonirovkali» mashina egasi aniqlandi
Ijtimoiy tarmoqlarda qora rangli Lacetti-2 avtomobili qarama qarshi yo‘nalishdan harakatlanganligi aks etgan ikkita video tarqaldi. O‘tkazib yuborishdan bosh tortgan haydovchilarga javoban, Lacetti-2 haydovchisi maxsus yorituvchi va tovush signallarini yoqqan.
Toshkent shahar IIBBning ushbu fakt bo‘yicha ma'lum qilishicha, mazkur avtomobil Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan topildi. Uni 21 yoshli M.S. boshqarganligi ma'lum bo‘ldi. Haydovchida avtomobil oynalarini qoraytirishga ruxsatnoma bo‘lgan, ammo maxsus yorituvchi va tovush chiqaruvchi qurilmalarni o‘rnatishga ruxsati bo‘lmagan.
Tegishli ruxsat olmay turib transport vositalariga tovush chiqaruvchi va yorituvchi maxsus qurilmalarni o‘rnatish - ana shu qurilmalarni musodara qilib, fuqarolarga eng kam ish haqining bir baravaridan uch baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa - uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
M.S.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 127-moddasi ikkinchi qismiga muvofiq (“Transport vositalarining tovush chiqaruvchi, yorituvchi va boshqa qurilmalaridan foydalanish, ularni o‘rnatish qoidalarini buzish”), shuningdek 128-5-moddasiga (“Transport vositalari haydovchilarining xalaqit berishi yoki avariya holatini yuzaga keltirishi, yo‘lning qarama-qarshi harakatlanish uchun mo‘ljallangan tomoniga yoki bo‘lagiga chiqishi”) bo‘yicha bayonnoma rasmiylashtirilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 291-moddasiga muvofiq, qoidabuzarning transport vositasi jarima maydonchasiga joylandi. Haydovchiga nisbatan chora bo‘yicha qaror sud tomonidan qabul qilinadi, deyiladi IIBB ma'lumotida.
Mavzuga oid
15:05 / 12.11.2024
Toshkent havosini ifloslantirishi mumkin bo‘lgan barcha obektlar nazoratga olindi - hokimlik
09:20 / 12.11.2024
Navoiy ko‘chasida Lacetti yonib ketdi
22:45 / 10.11.2024
Toshkentda «zakladchik»ni kaltaklagan uch nafar shaxs qo‘lga olindi
10:47 / 08.11.2024