O‘zbekiston | 09:40 / 28.11.2019
3642
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston prezidentining maxsus vakili BMT ekspertlari guruhi bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili Ismatulla Ergashev Afg‘oniston muammosi bilan shug‘ullanuvchi BMTning bir guruh ekspertlari, xususan BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi, BMTning Afg‘onistonga yordam missiyasi vakillari bilan uchrashdi.

Suhbat chog‘ida O‘zbekiston va BMTning afg‘on muammosini hal etish borasidagi sa'y-harakatlari, Afg‘onistonda turli loyihalarni amalga oshirishda hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Ekspertlar guruhi Afg‘onistonni mintaqaviy loyihalarga yanada ko‘proq jalb qilinishi muhimligi haqidagi O‘zbekiston tomonining fikrini to‘liq qo‘llab-quvvatladi, bu esa mamlakatdagi vaziyatni barqarorlashtirish va uning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini tiklashga yordam berishi qayd etildi.

Shu o‘rinda, Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishning asosiy ustuvor yo‘nalishlaridan biri o‘t ochishni to‘xtatish, shuningdek, AQSh harbiy kontingenti Afg‘onistondan olib chiqilganidan keyin mamlakat hududi xalqaro terrorizm uchun boshpana sifatida ishlatilmasligi bo‘yicha «Tolibon» harakati kafolati bo‘lishi kerakligi to‘g‘risidagi O‘zbekistonning mavqei qo‘llab-quvvatlandi.

Tomonlar uzoq davom etayotgan afg‘on inqirozini hal qilish, Afg‘onistonni mojarodan keyingi tiklash bo‘yicha eng maqbul yo‘llarini topish uchun mintaqaviy yondashuvni mustahkamlash muhimligi to‘g‘risida bir fikrga keldilar.

Mavzuga oid