Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasi qanday «pishitilyapti?»
3 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida yangi tahrirdagi Soliq kodeksi to‘g‘risidagi qonun loyihasi muhokamasiga bag‘ishlangan davra suhbati o‘tkazildi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Unda parlament quyi palatasi deputatlari, parlament quyi palatasining Davlat budjeti boshqarmasi xodimlari hamda Davlat soliq qo‘mitasi, Moliya vazirligi mutasaddi rahbarlari, soliq maslahatchilari ishtirok etdi.
Qayd etilganidek, Soliq kodeksidagi konseptual o‘zgarishlar, eng avvalo, soliq qonunchiligi normalari qo‘llanilishini maksimal darajada soddalashtirib, qarama-qarshiliklar va ziddiyatli holatlarni bartaraf etish, soliq nazorati mexanizmlarini takomillashtirish, insofli soliq to‘lovchilarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan.
Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi havolaki normalar, qonunosti hujjatlarini maksimal darajada kamaytirgan holda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiladigan hujjat sifatida qabul qilinadi. Shu bois, loyihada barcha soliqlar bo‘yicha stavkalar (aksiz solig‘i, yer solig‘i va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan tashqari) belgilanishi ko‘zda tutilmoqda.
Soliq kodeksining yangi tahririda soliqlar va yig‘imlarning soni, turlari, shuningdek, alohida soliq rejimlarini optimallashtirish rejalashtirilmoqda. Xususan, soliqlarning 9 turi ko‘zda tutilmoqda.
Ma'lumki, 2019 yil 1 yanvardan e'tiboran benzin, dizel yoqilg‘isi va gaz ishlatganlik uchun olinadigan soliq, davlat maqsadli jamg‘armalariga majburiy ajratmalar, budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga fuqarolarning sug‘urta badallari, Respublika yo‘l jamg‘armasiga yig‘imlari bekor qilingan edi.
Shu bilan birga, kichik korxonalar (tovar aylanmasi 1 mlrd. so‘mgacha bo‘lgan) uchun aylanmadan soliq ko‘rinishidagi alohida soliq rejimi saqlab qolinmoqda. Davlat bojlari, ayrim turdagi tovarlar bilan savdo qilish huquqi uchun yig‘imlar (alkogolli mahsulotlar) va yer qa'ridan foydalanuvchilar uchun bonus kabi to‘lov turlari Soliq kodeksidan chiqarib tashlanmoqda.
Bundan tashqari, kodeks loyihasida soliq organlarining qonunga xilof ravishda qo‘shimcha soliqlar hisoblagani yoki moliyaviy sanksiyalar qo‘llangani, tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan ortiqcha to‘langan soliqlar summalari o‘z vaqtida qaytarilmagani uchun javobgarligi oshirilmoqda.
Davlat soliq xizmati organlari bilan soliq to‘lovchilarning o‘zaro munosabatlarini, jahon tajribasidan kelib chiqib, yanada yaxshilash ko‘zda tutilmoqda. Bu yo‘lda zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish hisobiga soliq nazoratining shakllari va mexanizmlari takomillashtirilmoqda. O‘z navbatida, bu amaliy chora-tadbirlar insofli soliq to‘lovchilarga yordam berish, eng asosiysi, “xufiyona” faoliyat ko‘rsatadigan sub'yektlarni aniqlashga yordam beradi.
Davra suhbati ishtirokchilari tomonidan qo‘shilgan qiymat solig‘i(QQS)ni takomillashtirish, foyda solig‘ini tartibga soluvchi normaga o‘zgartirishlar kiritish, xarajatlarning “iqtisodiy asoslanganligi” to‘g‘risidagi noaniqliklarni chiqarib tashlashga doir bir qator takliflar bildirildi. Qatnashchilar fikricha, ularni sub'yektiv talqin qilish soliq ma'muriyatchiligida nomaqbul oqibatlarga va soliq to‘lovchilar huquqlari buzilishiga olib kelishi mumkin.
Tadbirda bildirilgan shu kabi ko‘plab fikr-mulohazalar, ilgari surilgan takliflardan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi to‘g‘risidagi qonun loyihasini yanada takomillashtirish va maromiga yetkazishda foydalanilishi ma'lum qilindi.
Mavzuga oid
13:26 / 30.03.2024
Senatorlar turizmni rivojlantirishga va yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan qonunni ma’qulladi
07:24 / 13.04.2022
Soliq kodeksiga foyda solig‘i bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritiladi
08:40 / 31.12.2021
Yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i kamaytirildi
07:44 / 28.12.2021