Jamiyat | 09:30 / 04.12.2019
7377
3 daqiqa o‘qiladi

«Imkonsizlikdan imkon topganlar»: nogironlar kuniga bag‘ishlangan konsert bo‘lib o‘tdi

Foto: O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi

3 dekabr — Xalqaro nogironlar kuni munosabati bilan «O‘zbekiston» forumlar saroyida «Bir jamoa — 2019» konsert dasturi bo‘lib o‘tdi.

«Imkonsizlikdan imkon topganlar» shiori ostida o‘tazilgan konsert dasturida estrada yulduzlari va raqs jamoalarining jismoniy jihatdan imkoniyati cheklanganlar bilan birgalikdagi chiqishlari namoyish qilindi.

Bayram dasturini Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ochib berdi.

«O‘zbekiston mustaqilligining ilk yillaridan boshlab nogironligi bo‘lgan shaxslarning ijtimoiy himoyasi uchun keng e'tibor qaratilmoqda. Xususan, 2017 yil 1 dekabrda «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha» prezident farmoni qabul qilingan. Davlat rahbari boshchiligida respublikada jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish uchun ham keng imkoniyatlar yaratilgan.

Joriy yilning 7-15 noyabr kunlari Dubay shahrida paraatletika bo‘yicha bo‘lib o‘tgan jahon chempionatida paralimpiya o‘zbek jamosi 4tasi oltin bo‘lgan jami 8ta medalni qo‘lga kiritishdi hamda umumiy hisobda faxrli 10 o‘rinni egallashdi», deydi Aziz Abduhakimov.

Jismoniy jihatdan imkoniyati cheklangan bolalarni sog‘lomlashtirish uchun Nukus shahrida tashkil etilgan «Imkon» reabilitatsiya markazida qisqa muddat ichida erishilgan natijalar namoyish qilindi. Ma'lum qilinishicha, bunday reabilitatsiya markazlari har bir viloyatda ochilishi rejalashtirilgan.

Konsert doirasida nogironlarning huquqlarini himoya qilish bo‘ycha faol tashabbus ko‘rsatgan bir qator jamoat arboblari tashakkurnomalar bilan taqdirlandi.

Shuningdek, yil yakunlariga bag‘ishlangan mazkur tantanada O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasining «Yilning eng yaxshi erkak sportchisi», «Yilning eng yaxshi ayol sportchisi» nominatsiyalari bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.

Unga ko‘ra, Paraatletika bo‘yicha jahon chempioni, rekordchi Bobur Omonov «Yilning eng yaxshi erkak sportchisi», O‘zbekiston tarixida ilk parakanoe bo‘yicha jahon chempioni Shahnoza Mirzayeva «Yilning eng yaxshi ayol sportchisi» deya e'tirof etildi.

Ma'lum qilinishicha, 2019 yilda O‘zbekiston Milliy Paralimpiya assotsiatsiyasi sportchilari 18ta xalqaro musobaqada ishtirok etib, 33ta oltin, 16ta kumush, 16ta bronza medalini qo‘lga kiritishdi.

2020 yilda Tokioda bo‘lib o‘tadigan 16-yozgi Paralimpiya o‘yinlarida o‘zbekistonlik 15 nafar sportchi yo‘llanmani qo‘lga kiritgan va bu yirik miqyosli tadbirga tayyorgarlik jarayonini olib borishmoqda.  

Mavzuga oid