O‘zbekiston | 11:30 / 04.12.2019
7894
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda Yaponiya raqamli universiteti ochilishi mumkin

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati

Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Tokioga tashrifi doirasida Yaponiya o‘quv muassasalari va tashkilotlari rahbarlari bilan qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

Yaponiya Milliy universitetlar uyushmasi va "Tsukuba" universiteti prezidenti K.Nagato bilan O‘zbekistonda ta'lim tizimini takomillashtirish tendensiyalari muhokama qilindi.

O‘zbekistonda sanoatning turli sohalarida va xizmat ko‘rsatishda malakali ishchilarga ortib borayotgan talabni qondirish uchun ikki mamlakat ta'lim tashkilotlari va muassasalarining  kooperatsiyasi uchun istiqbolli yo‘nalishlar ko‘rib chiqildi. 

O‘zbekiston oliy ta'lim muassasalarida, Toshkent davlat sharqshunoslik instituti qoshidagi "Tsukuba" universitetining Markaziy Osiyo ilmiy-tadqiqot markazi misolida, Yaponiya ilmiy-tadqiqot markazlarini tashkil qilish hamda qo‘shma ta'lim dasturlarini, shu jumladan talabalar almashuvini, amalga oshirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Digital Knowledge Co., Ltd. kompaniyasi prezidenti va bosh direktori bilan o‘tkazilgan suhbat chog‘ida O‘zbekistonda kasb-hunar va oliy ta'lim tizimida zamonaviy yapon texnologiyalari va o‘qitish uslublarini joriy etishning dastlabki shartlari ko‘rib chiqildi – ulardan foydalanishning turli sxemalari, shu jumladan yaponiyalik o‘qituvchilar va dasturiy ta'minotning innovatsion ishlanmalarini jalb qilish orqali raqamli o‘qitish formati muhokama qilindi. Tomonlar Toshkentda Yaponiya bilan qo‘shma raqamli universitet tashkil etish istiqbollarini muhokama qildilar. Yaponiyaning bir qator universitetlari bilan birgalikda masofaviy o‘qitish dasturlarini yaratish masalasi alohida ko‘rib chiqildi.

Uchrashuv yakuni bilan ko‘rib chiqilgan tashabbuslarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun amaliy qadamlar muhokama qilindi: joriy yil dekabr oyida Yaponiyaga oliy darajadagi tashrif davomida tegishli kelishuvlarni imzolashni ko‘zda tutgan holda, har bir muhokama qilingan yo‘nalish bo‘yicha hamkorlikning batafsil konsepsiyalarini ishlab chiqishni yakunlash maqsad qilib olindi.

Mavzuga oid