Jamiyat | 18:14 / 05.12.2019
8589
2 daqiqa o‘qiladi

Xayriya natijasi: Farg‘onalik Shuhrat Matmusayev jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun Hindistonga jo‘nab ketdi

2019 yilning may oyida Farg‘ona viloyati, Qo‘shtepa tumaniga safar qilgan Kun.uz ijodiy guruhi og‘ir xastalik bilan kurashayotgan Shuhratjon Matmusayev xonadonida bo‘lgan, safar tafsilotlari asosida saytimizda «Bolalarim otasiz o‘smasligi uchun o‘z jigarimni berishga tayyorman». Qo‘shtepalik ayol turmush o‘rtog‘i uchun kuyib-yonmoqda» sarlavhali maqola e'lon qilingan edi.

Saxovatpesha yurtdoshlarimiz yordamida operatsiya uchun talab etilgan mablag‘ yig‘ildi. Ertangi kunidan xavotirda bo‘lgan oilaning umid chiroqlari yana porlay boshladi.

Safar oldidan yurtdoshlarimizga oq yo‘l tilab, kuzatish maqsadida aeroportga bordik. Suhbatimiz davomida bemorning umr yo‘ldoshi Muattar Matmusayeva eri shifo topishi uchun oshkora va pinhona ehson qilgan, ko‘mak bergan barcha insonlarga minnadorlik bildirdi.

«Oilamizga moddiy, ma'naviy yordam ko‘rsatgan, bildirib-bildirmay ko‘mak bergan barcha azizlarga katta rahmat, barchangizga boshim yerga tekkuncha ta'zim qilaman», deydi Muattar Matmusayeva.

Uning aytishicha, umr yo‘ldoshi safar oldidan Toshkentda 10 kun muolaja olgan. Ayol jigar sirroziga chalingan turmush o‘rtog‘iga jigarining 60 foizini berishga qaror qilgan.

Shuhratjon Matmusayev turmush o‘rtog‘i bilan bugun Hindistonning Dehli shahriga uchib ketishdi. Oldinda ularni murakkab jarrohlik amaliyoti kutmoqda. Duo qilaylik, ilohim operatsiya muvaffaqiyatli o‘tib, vatandoshlarimiz O‘zbekistonga eson-omon qaytishsin!

Xayriya aksiyamizda faol ishtirok etgan barcha yurtdoshlarimizga tahririyatimiz nomidan o‘z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Yaxshilik qilishdan charchamang, tolmang, aziz yurtdoshlar!

Mavzuga oid