Jamiyat | 19:50 / 11.05.2019
29602
4 daqiqa o‘qiladi

«Bolalarim otasiz o‘smasligi uchun o‘z jigarimni berishga tayyorman». Qo‘shtepalik ayol turmush o‘rtog‘i uchun kuyib-yonmoqda

Oilaga, ro‘zg‘orga bosh bo‘lish har bir er-yigitning boshida bor. Kimdir bu vazifani uddalaydi, kimdir esa yo‘q. Shu ikkinchi guruh erkaklari ham turlicha bo‘ladi. Kimdir bunga imkoniyati bor-ku, o‘zi xohlamaydi. Biroq shunday vatandoshlarimiz ham borki, qani endi ularda imkoniyat bo‘lsa, qani endi ularda sog‘liq bo‘lsa...

Navbatdagi xayriya murojaati yuzasidan Farg‘ona viloyati, Qo‘shtepa tumanida og‘ir xastalik bilan kurashayotgan Shuhratjon Matmusayev xonadonida bo‘ldik. Ushbu inson va turmush o‘rtog‘i bizga quyidagilarni so‘zlab berdi.

Video: Mover (tas-ix)

Video: Youtube

«Turmush o‘rtog‘im Rossiyaga o‘rtoqlari bilan ishlagani ketdi. 10 oy o‘tgach, qorniga suv to‘plangan, shishgan holda qaytib keldi. Darrov shifoxonaga bordik. Ko‘plab tekshiruvlardan o‘tkazdik. Onalari ham o‘g‘lining dardini ko‘tara olmay bu dunyodan o‘tib ketdi. Qarindosh-urug‘larimiz, yaqinlarimiz ham yordam berishdi. Lekin to‘liq davolanishi uchun mablag‘ kattaroq kerak ekan. Hind shifokorlariga ko‘rsatdik. Unga ham 3 yil bo‘ldi. 35 ming AQSh dollari deb aytishdi. Keyin Toshkentda V. Vohidov nomli shifoxonada bunday kasalliklar davolanishini eshitdik. Yo‘lkiraga ham mablag‘ yo‘qligidan mahalla-ko‘y yordam berib bitta mashina qilib berishdi. Borib tahlillarni topshirdik. Jigar sirrozi deb tashxis qo‘yildi va donor kerak deyishgan edi. O‘zim bo‘lishimni aytdim. Qarangki, ikkimizni ham qon guruhimiz ham bir xil (4+) ekan. Jigar to‘qimalarimizgacha bir xil chiqdi. Shifokorlar ham hayron bo‘lib qoldi. Lekin shu mablag‘ masalasi qiynayapti-da. 90-100 million so‘m atrofida xarajat ketar ekan. Uyimizni ham sotuvga qo‘yib qo‘yganmiz.

Katta qizim 8 sinf, o‘g‘lim 1 sinfda o‘qiydi. Xo‘jayinim hech bunaqa yotib qolmagan edi. Doim qattiq mehnat qiladigan, ibodatlarni ham qoldirmaydigan inson edi. Shu sababli odamlar haligacha ancha-muncha yordam berishyapti. Xo‘jayinim o‘zi ota-onasiz o‘sgan. Bolalarim bunday o‘smasin deyman. O‘z jigarimni beraman», deydi bemorning turmush o‘rtog‘i Muattar Matmusayeva.

Oila bilan suhbatlashar ekanmiz, vaqtida mehnat qilib tin olmagan va hozirga kelib esa to‘shakka mixlangan bemorning ko‘z yoshlari bir zum tinmadi. Bir tarafda oilani boqish, ikkinchi tarafda xastalik. Bir ish qilay desa, sog‘liq bunga yo‘l bermaydi.

Shunday ham jismonan, ham ruhan qiyinchiliklarni boshidan o‘tkazayotgan bu oiladan muborak kunlarda o‘z yordamimizni ayamaylik. Ushbu bemor ham shifo topib oilasiga bosh bo‘lsin. Farzandlarining kamoli uchun mehnat qilib, halol yedirib ichirishiga ko‘mak beraylik!

Matmusayeva Muattar (turmush o‘rtog‘i) nomiga ochilgan plastik kartochka:

Click/PayMe: 8600 0423 6044 8186 (Agrobank)

MFO: 00515

INN: 200178667

Naqd pul topshirganda: 23116000900000515001

Mijoz arizasiga asosan kartadan kartaga pul o‘tkazilganda:

23118000900000515001

Boshqa tashkilotlardan kelib tushgan mablag‘lar tranziti:

23120000500000515001

Mavzuga oid