O‘zbekiston | 12:20 / 06.12.2019
4961
3 daqiqa o‘qiladi

Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi: Veterinariya qo‘mitasi mahalliy kompaniyaning dori vositasi bo‘yicha arizasini 7 oy mobaynida ro‘yxatdan o‘tkazmagan

2019 yilning oktabr oyida Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi tomonidan Vetteria mahalliy kompaniyasining murojaati o‘rganib chiqildi. Bu haqda qo‘mita saytida xabar berildi. 

Murojaatda keltirilishicha, veterinariya dori vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha 2019 yilning mart oyida berilgan ariza bugungi kunga qadar biror sabab ko‘rsatilmagan holda O‘zbekiston Respublikasi veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazilmagan.

Amaldagi qonunchilikka muvofiq, ruxsat berish bilan bog‘liq ushbu tartibot ariza berilgan vaqtdan e'tiboran 36 kun mobaynida hal etilishi kerak, bu holatda davlat organi belgilangan muddatga rioya etmagan, ya'ni ariza berilganiga 7 oydan oshib ketgan.

Veterinariya dori vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida ariza berilgan vaqtda faqat bitta xo‘jalik yurituvchi sub'yekt tomonidan xuddi shunday dori vositasi ro‘yxatdan o‘tkazilgan, bu degani iste'molchi uchun tanlash huquqi deyarli yo‘q bo‘lgan.

Murojaatni o‘rganish natijalarini ko‘rsatishicha, dori vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ariza olingan kundan e'tiboran Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan qaror qabul qilinishi uchun ushbu dori vositasini sinov natijalari kerak bo‘lgan. Biroq, o‘tgan 7 oy mobaynida dori vositasi laboratoriya sinovidan o‘tkazilmagan va dori vositasi nima sababdan ro‘yxatdan o‘tkazilmayotgani to‘g‘risida tushuntirish ham berilmagan.

Qo‘mita raqobat to‘g‘risidagi qonunchilik talablari buzilishi holati bo‘yicha Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga nisbatan ish qo‘zg‘atgani aytiladi.

Natijada, ro‘yxatda o‘tkazish uchun taqdim etilgan veterinariya dori vositasi laboratoriya sinovidan o‘tkazildi, belgilangan tartibda davlat ro‘yxatiga olinib, Vetteria mahalliy kompaniyasiga tegishli guvohnoma berilgan, deyiladi xabarda.

Mavzuga oid