Jahon | 19:32 / 08.12.2019
4566
3 daqiqa o‘qiladi

Tadqiqot: aholining doimiy kafolatlangan daromadga ega bo‘lishi iqtisodiyotni ikki baravarga rivojlantiradi

Foto: Unsplash

AQShning Prinston, Berkli va San-Diyegodagi Kaliforniya universitetlari mutaxassislari doimiy kafolatlangan daromad (DKD)ning samarali ekanligini isbotlashdi.

Inverse nashrining yozishicha, mutaxassislar Keniya g‘arbidagi qashshoq aholi maskanlaridan birida keng miqyosli tajriba o‘tkazdi. Tadqiqot davomida 10 500 oila sakkiz oy mobaynida doimiy ravishda pul bilan ta'minlab kelindi. Tadqiqot davrida har bir oilaga 1000 dollardan pul berildi. So‘ngra DKDning samarasini baholash uchun so‘rov o‘tkazildi.

Ma'lum bo‘lishicha, kafolatlangan daromad nafaqat uni oluvchilar, balki butun jamiyat uchun foydali ekan.

Har oyda pul olgan oilalar zarur mahsulot va xizmatlar uchun ko‘proq pul sarfladi, buning evaziga ular yashaydigan maskanda savdo hajmi o‘sdi. DKD uchun berilgan har bir dollar iqtisodiyotning 2,6 dollarga o‘sishiga olib keldi.

DKDning joriy etilishi inflatsiyaning o‘sishiga olib kelishi borasidagi xavotirlar tasdig‘ini topmadi, har oyda pul olib turganlar uni noo‘rin, masalan, alkogol yoki qimor o‘ynashga sarflamadi. Buning o‘rniga ular pullarni farzandlari o‘qishi yoki o‘z biznesini yuritishga sarflashni ma'qul ko‘rdi.

Shunday qilib, DKD nafaqat ijtimoiy adolatni tiklashga yordam berishi, balki butun iqtisodiyotning o‘sishiga olib kelishi isbotlandi.

Keniyaning qishloq joyidagi tadqiqot natijalarini rivojlangan davlatlarga avtomatik ravishda moslash noto‘g‘ri bo‘ladi. Masalan, hisob-kitoblarga ko‘ra, AQShda DKDning samara berish koeffitsiyenti 2,6 emas, 1,8ni tashkil etadi. Ammo shunga qaramasdan, mana shu raqam ham ushbu tajribani joriy etish to‘g‘risida jiddiy o‘ylashga majbur qiladi. 

Yaqin kelajakda Buyuk Britaniyada DKD bilan bog‘liq tajriba o‘tkazilishi mumkin. Bu leyboristlar partiyasining saylovoldi dasturida ko‘zda tutilgan.

Doimiy kafolatlangan daromad – davlat yoki boshqa institut tomonidan ma'lum bir jamiyatning har bir a'zosiga muntazam ravishda mablag‘ berib turishni nazarda tutuvchi ijtimoiy konsepsiya. Mablag‘ daromadidan qat'i nazar jamiyatning barcha a'zolariga beriladi va ulardan buning evaziga ish bajarish talab qilinmaydi.

2016 yilda Yevropada o‘tkazilgan so‘rovlarga ko‘ra, Yevroittifoqning 64 foiz aholisi DKD joriy etilishini qo‘llab-quvvatlagan. Odamlarning fikricha, bunday ijtimoiy to‘lovlar «bazaviy mablag‘ga ehtiyoj borasidagi xavotirni pasaytiradi» va barchani teng imkoniyatlar bilan ta'minlashga yordam beradi.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid