Jahon | 13:43 / 09.12.2019
32345
3 daqiqa o‘qiladi

«Bu uning hayotidagi eng murakkab davr edi». Rossiyalik deputat Vitaliy Milonov o‘zbekistonlik qizchani asrab oldi

Foto: Videodan kadr

Rossiya Federatsiyasi Davlat dumasi deputati Vitaliy Milonov o‘zbekistonlik ayol dunyoga keltirgan qizchani asrab oldi. Bu haqda 360tv xabar bermoqda.

Onasi Yevdokiya ismli qizchani tug‘ilganidan so‘ng sakkiz soat o‘tib Sankt-Peterburgdagi xiyobonda joylashgan o‘rindiqqa tashlab ketgan. Bu haqda «NTV» telekanalida efirga uzatilgan ko‘rsatuvning yangi sonida ma'lum bo‘ldi.

Ko‘rsatuv boshlovchisi deputat Milonovdan asrab olgan qiz farzandi qayerda tug‘ilgani bilan qiziqdi. Biroq, telekanalga mehmonga kelgan deputat «qizchaning hayotidagi eng murakkab davr» haqida ochiqchasiga gapirishdan bosh tortdi. Shunga qaramay, bola haqidagi lavha studiyaning o‘zida namoyish etildi.

Ma'lum bo‘lishicha, onasi Yevdokiyani tug‘ilganidan sakkiz soat o‘tgach, xiyobondagi o‘rindiqqa tashlab ketgan. Milonov bu haqda yangiliklardan xabar topgan va qizchani asrab olib, unga o‘z familiyasini bergan. Hozir qizcha besh yoshda ekani aytiladi.

Bolaning onasi - O‘zbekiston fuqarosi, u kafeda qorovul bo‘lib ishlagan. Ayol homilador ekanini hamkasblariga aytmagan. Bu haqda hech kim o‘ylamagan ham - ayol to‘ladan kelgan bo‘lgan. Uning ko‘zi yorishi boshlanganda, hojatxonaga kirgan va o‘sha yerda qiz farzandni dunyoga keltirgan. So‘ng chaqaloq bilan sakkiz soat davomida jamoat transportida yurgan. Keyin o‘zbekistonlik ayol bolasini xiyobonda qoldirgan hamda yana ishga chiqqan.

Teleko‘rsatuv efirida Milonovning asrab olingan qizi ham ko‘rsatildi. U gimnastika bilan shug‘ullanishi haqida gapirib bergan. Qizcha har kuni uyda «Moskvadagi ishda ishlaydigan, keyin samolyotga o‘tiradigan va uyga qaytib keladigan» dadasini kutishini aytdi. Yevdokiya qorbobodan qanday sovg‘a kutayotganini ham oshkor qildi - qo‘g‘irchoqlar uyi.

Deputat Milonov olti nafar farzandni tarbiyalayapti: o‘zining Marta, Pelageya ismli qizlari va o‘g‘li Nikolay, shuningdek, asrab olingan Pyotr, Ilya hamda Yevdokiya.

Mavzuga oid