Jahon | 10:35 / 10.12.2019
24857
2 daqiqa o‘qiladi

2018 yilda qurol savdosi umumiy hajmi ma'lum qilindi 

Foto: Taavi Arus / Delfi

2018 yilda qurol sotish va harbiy xizmatlar ko‘rsatish sohasidagi 100 ta eng yirik kompaniyaning savdosi hajmi 420 mlrd dollarni tashkil qildi. Umumiy savdo hajmi 2017 yilga nisbatan 4,6 foizga o‘sgan. Bu haqdagi ma'lumot Stokholm dunyo muammolarini o‘rganish xalqaro instituti (SIPRI) ma'ruzasida keltirilgan.

Umumiy savdo hajmida AQShning ulushi 59 foizni (246 mlrd dollar), Rossiyaniki 8,6 foizni (36,2 mlrd dollar), Britaniyaniki 8,4 foizni (35,1 mlrd dollar) va Fransiyaniki 5,5 foizni (23,2 mlrd dollar) tashkil qilgan.     

Ma'ruzada ta'kidlanishicha, 2002 yildan beri harbiy savdo umumiy hajmi 47 foizga oshgan. Ushbu statistikaga Xitoy haqidagi ma'lumotlar ular yo‘qligi sababli kiritilmagan.

Harbiy-sanoat sohasidagi kompaniyalar yuztaligida AQSh kompaniyalari yetakchilik qilmoqda. 2002 yildan beri ilk bor reytingning yetakchi beshtaligiga faqat AQSh kompaniyalari kirdi, ular: Lockheed Martin, Boeing, Northrop Grumman, Raytheon va General Dynamics. Bu kompaniyalar hissasiga 2018 yildagi umumiy savdoning 35 foizi yoki 148 mlrd dollar to‘g‘ri kelgan.

Rossiya kompaniyalarining 2018 yildagi savdo hajmi 2017 yilga nisbatan 0,4 foizga kamayib, 36,2 mlrd dollarni tashkil qilgan. Tadqiqot mualliflari buni AQSh va Yevropa kompaniyalari savdosi o‘sishi bilan bog‘lashgan.      

Yevropaning yuztalikka kirgan 27 ta kompaniyasi umumiy savdosi hajmi 102 mlrd dollarni tashkil qilgan.  

Umuman olganda, yetakchi yuztalikka kirgan 80 ta kompaniya AQSh, Yevropa va Rossiyada joylashgan. Shuningdek, reytingga Yaponiyadan 6 ta, Isroil, Saudiya Arabistoni va Janubiy Koreyadan 3 tadan, Turkiyadan 2 ta va Avstraliya, Kanada hamda Singapurdan bittadan kompaniya kirgan.

Mavzuga oid