O‘zbekiston | 18:46 / 11.12.2019
5047
3 daqiqa o‘qiladi

Odam savdosi qurboni bo‘lgan o‘zbekistonliklar transplantatsiya qilish maqsadida sotilgani qayd etilmagan – IIV

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

O‘zbekiston fuqarolari tana a'zolarini ajratib olish (transplantatsiya) maqsadidagi odam savdosi qurboni bo‘lgan holatlar kuzatilmagan. Bu haqda IIV Noqonuniy migratsiya va odam savdosiga qarshi kurashish boshqarmasi mas'ul xodimi Behzod Mamajonov 11 dekabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qildi.

«O‘zbekiston fuqarolari odam savdosi qurboni bo‘lganda, ushbu jinoyatni sodir etgan shaxslar tomonidan transplantatsiya qilish maqsadida sotish yoki majburlab tana a'zolarini ajratib olish bilan bog‘liq holatlar kuzatilmagan», degan Behzod Mamajonov Kun.uz muxbirining shu haqdagi savoliga javoban.

IIV Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari – Noqonuniy migratsiya va odam savdosiga qarshi kurashish boshqarmasi boshlig‘i Ulug‘bek Gaynazarov IIV tomonidan boshqa davlatlardagi kuch ishlatar tuzilmalar bilan hamkorlikda odam savdosiga qarshi kurashish maqsadida o‘tkazib kelayotgan qo‘shma tadbirlar davomida O‘zbekiston fuqarolarining o‘z tana a'zolarini sotayotgani bilan bog‘liq holatlar aniqlanganini aytib o‘tdi.

«Respublikamiz fuqarolarining qo‘shni davlatda o‘z buyraklarini, ichki organlarini sotish holatlari kuzatilgan. Bu Qozog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan «STOP trafic» tadbiri doirasida aniqlangan. Mazkur tadbir davomida bir qator chet el davlatlari hududida faoliyat olib borgan uyushgan jinoiy guruh a'zolari ham aniqlangan. Davlat tomonidan tana a'zolarini sotgan fuqarolarga yuridik yordam berildi, salomatliklarini tiklashga ko‘maklashildi», deya Ulug‘bek Gaynazarovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Behzod Mamajonovning qo‘shimcha qilishicha, qo‘shma tadbirlar chog‘ida aniqlangan holatlarda odam savdosi jinoyati alomatlari yo‘q bo‘lib, ular fuqarolar tomonidan ixtiyoriy amalga oshirilgan.

«Shuni ta'kidlab o‘tmoqchimanki, bu odamlarning hech qaysisi kam ta'minlangan yoki ijtimoiy ko‘makka muhtoj bo‘lgan odamlar emas. O‘z xohishi bilan xorijga borib savdoda yoki biznesda qarz bo‘lib, kimgadir aldanib qolish oqibatida pul kerak bo‘lib qolgani uchun tana a'zolarini sotishgan. Lekin ichki organlarini sotish uchun mamlakatdan tashqariga olib chiqib ketilgan holatlar yo‘q», deydi IIV mulozimi.

Avvalroq, O‘zbekistonda 2019 yilda 84ta odam savdosi bilan bog‘liq holat aniqlangani, ularning 88 foizi ayollar tomonidan sodir etilgani aniqlangani xabar qilingandi.

Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid