Jamiyat | 13:04 / 11.12.2019
5636
2 daqiqa o‘qiladi

2019 yilda 116 kishi odam savdosi jinoyati bilan ayblangan, ularning 88 foizi ayollar – IIV

Ichki ishlar vazirligi Noqonuniy migratsiya va odam savdosiga qarshi kurashish boshqarmasi mas'ul xodimi Behzod Mamajonovning ma'lum qilishicha, 2019 yilning 11 oyida 116 kishi odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatda ayblanib, tergov qilingan. Vazirlik mulozimi bu haqda 11 dekabr kuni AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.

Foto: Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi

«2019 yilning o‘tgan davri mobaynida jami 116 kishi mana shu turdagi jinoyatni sodir qilgani uchun ayblanuvchi sifatida tergovga jalb etilgan. Ularning aybdor yoki aybsizligini sud hal qiladi. Odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatda ayblanayotganlarning 88 foizi, ming afsuski, ayollarni tashkil qiladi», deya Behzod Mamajonovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Tadbirda O‘zbekistonda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarning faqat bitta turi – chaqaloqlar savdosi kuzatilishi, xorijdagi o‘zbekistonliklar esa asosan majburiy mehnat va ayollarni fohishabozlik yoki shahvoniy ekspluatatsiya qilish uchun majburiy yoki hiyla ishlatib yollash qurboni bo‘lishi aytildi.

«Odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlarning boshqa davlatlarda kuzatilayotgan yangi ko‘rinishlarini muntazam o‘rganib, tahlil qilib boramiz. Bu borada xalqaro tashkilotlar bilan doimiy aloqadamiz. Mazkur masalada juda ko‘p treninglar o‘tkaziladi. Bunda bizda odam savdosi transmilliy jinoyati qurbonlarini qanday qilib tuzoqqa tushirilishi, ushbu jinoyatlarning yangi turlari haqida ma'lumot beriladi, treninglar davomida bu kabi holatlarning oldini olish bo‘yicha o‘zaro tajriba almashamiz», deydi Behzod Mamajonov.

Ta'kidlanishicha, 2019 yilda O‘zbekistonda odam savdosi bilan bog‘liq jinoyatlar soni 24 foizga avvalgi yilga nisbatan kamaygan. 2017 yilda 300ta, 2018 yilda 123ta, 2019 yilda esa 80ta odam savdosi bilan bog‘liq holat aniqlangan.

Mavzuga oid