Afg‘oniston. Geosiyosiy o‘yinlar va ichki urushlar girdobida xarob ahvolga kelgan bu davlat haqida eshitganimizda ko‘z oldimizda butun bir millatni qoloqlikka mahkum qiladigan muammolar gavdalanadi: notinchlik, qashshoqlik, ilmdan mahrumlik. Oddiygina misol –  bugungi kunda Afg‘onistonda deyarli Toshkent aholisiga teng odam – 2,5 million kishi giyohvandlikka mubtalo bo‘lgan.

Ko‘prik ostidagi giyohvandlik.  Qobul shahri, Afg‘oniston

Keling, endi bir tasavvurga berilaylik. Oradan 25-30 yil vaqt o‘tdi. Siz bir paytlar xaroba ko‘chalarida yurishga qo‘rqadigan Kobul shahriga sayohat uchun otlandingiz. Shaharni kezar ekansiz, ko‘zlaringizga ishonmaysiz – Kobul endi batamom boshqa dunyo. Kashandalik qurbonlari endilikda shaharning o‘sha mashhur «o‘lim ko‘prigi» ostida jon saqlash bilan emas, balki Zara va Uniqlo kabi dunyoga mashhur kiyim-kechak brendlari uchun teri mahsulotlari va IKEA kabi uy-jihoz brendi uchun milliy kulolchilik va gilam namunalarini yetkazib berish bilan ovora. Kompaniyalardagi atrof-muhit ifloslanishining oldini olish uchun o‘rnatilgan barqaror texnologiyalar sizni hayratda qoldiradi. Uylar oldida ot arava emas, balki kamida bir dona Toyota rusumli avtomobil turibdi.

Sayohat tugadi. Uyga qaytish uchun Kobuldagi Markaziy Osiyoning mashhur aeroportida keyingi parvozni kutar ekansiz, «Made in Afganistan» mahsulotlariga ko‘zingiz tushadi, sovg‘alar sotib ola boshlaysiz, qancha pul ishlatganingizni bilmay ham qolasiz.

Parvoz eshigi oldiga qaytib kelib, katta qilib osib qo‘yilgan «Living University in Qabul For Sustainable Development» - «Kobul Jonli Universiteti - Barqaror Rivojlanish Uchun!» degan katta reklamaga ko‘zingiz tushdi. Qisqa muddatda erishilgan bu muvaffaqiyatga sabab bo‘lgan tajribalarni ulashish maqsadida Kobul hukumati nodavlat tashkilot ham ochgani, u yerga yiliga o‘nlab mashhur universitetlar va xalqaro tashkilotlar afg‘on tajribasini o‘rganish uchun tashrif buyurayotganini bilib, parvozni esdan chiqarishingizga bir baxya qoldi.

Kelajakdagi Qobul, Afg‘oniston, 2050 yil​​​​​​

«Muddaoga o‘t!» deyayotgan bo‘lsangiz kerak. Nima demoqchiman? Bu maqolani yozishdan maqsadim siz bilan puch xayollarimni baham ko‘rish emas. Balki natijalarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rganim – Tailand tajribasi haqida gapirib berish.