O‘zbekiston | 07:47 / 17.12.2019
2932
2 daqiqa o‘qiladi

Adliya vaziri o‘rinbosari: «O‘zbekiston korrupsiyaga qarshi kurash sohasiga katta e'tibor qaratmoqda»

Joriy yilning 16 dekabr kuni Abu-Dabi (BAA) Milliy ko‘rgazma markazida Birlashgan millatlar tashkilotining Korrupsiyaga qarshi konvensiyasiga a'zo davlatlar konferensiyasining sakkizinchi sessiyasi o‘z ishini boshladi. Unda O‘zbekiston adliya vazirining o‘rinbosari X. Meliyev boshchiligidagi delegatsiya ham ishtirok etmoqda.

Xudoyor Meliyev ma'ruza qilib, ishtirokchilarga O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida batafsil ma'lumot berdi. Mamlakatda ushbu o‘ta salbiy hodisaning oldini olish va unga qarshi kurashish, huquqiy hamda institutsional asoslarni mustahkamlash bo‘yicha qat'iy qadamlar qo‘yilayotgani ta'kidlandi. Davlat siyosati korrupsiya xatarlarining sabablari va shartlarini har tomonlama o‘rganishni, huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida aniqlash va ularga barham berishni, jazoning muqarrarligi prinsipini nazarda tutadi.

X. Meliyev ta'kidlaganidek, prezident Shavkat Mirziyoyev lavozimga kirishganidan keyin imzolagan birinchi qonun bu - «Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonun bo‘ldi. Bu mamlakat rahbariyati siyosiy yo‘nalishining aniq belgisiga aylandi.

Davlat yagona huquqiy siyosatini amalga oshirish uchun mas'ul organ sifatida Adliya vazirligining roli ta'kidlandi. Xususan, Adliya vazirligi yuridik ekspertiza doirasida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini ham o‘tkazadi.

O‘z navbatida, davlat xizmatlarini taqdim etishda jismoniy va yuridik shaxslarga «yagona darcha» asosida davlat xizmatlarini ko‘rsatish tizimi shakllantirildi. Bu fuqarolar va davlat hokimiyati hamda boshqaruvi organlari xodimlari o‘rtasida davlat xizmatlarini ko‘rsatishda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan korrupsiya holatlarining oldini olishga yordam beradi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid