O‘zbekiston | 17:30 / 21.12.2019
4501
9 daqiqa o‘qiladi

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi: «Korxonani saqlab qolish, uni sog‘lom iqtisodiyotga qaytarish – asosiy maqsad»

Joriy yilning 20 dekabr kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligida  O‘zbekiston Respublikasi «Bankrotlik to‘g‘risida»gi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonunning mazmun-mohiyatini tushuntirishga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Oliy sud, O‘zbekiston sud boshqaruvchilari assotsiatsiyasi vakillari, sud boshqaruvchilari va jurnalistlar ishtirok etishdi.

O‘zbekiston Respublikasi «Bankrotlik to‘g‘risida»gi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun Senat tomonidan 2019 yilning 30 noyabr kuni ma'qullangan. O‘zbekiston Respublikasi prezidenti tomonidan 13 dekabr kuni imzolangan.

Anjumanda berilgan ma'lumotlarga ko‘ra, qonunda kreditorlar huquqlarini yanada kuchaytirish bo‘yicha qator o‘zgarishlar o‘z aksini topgan .

Jumladan, “To‘lov qobiliyatini tiklash taomili” tushunchasi kiritildi. Bu taomil sud sanatsiyasi va tashqi boshqaruv taomillarini o‘z ichiga oladi. Bundan asosiy maqsad to‘lov qobiliyatini yo‘qotgan tashkilotni sog‘lomlashtirish hisoblanadi;

bankrotlik ishini qo‘zg‘atishda qarzdorlik miqdori yuridik shaxsga nisbatan bazaviy hisoblash miqdorining 500 dan 300 baravarga (66,9 mln.so‘m) va yakka tartibdagi tadbirkorlarga nisbatan 30 dan 20 baravarga (4,4 mln. so‘m) kamaytirildi;

bankrotlik to‘g‘risidagi ishni qo‘zg‘atish uchun iqtisodiy sudga beriladigan arizada qarzdor va kreditorlarga to‘lov qobiliyatini tiklash yoki tugatish tartibotlari qo‘llashni ko‘rsatgan holda murojaat etish huquqi berildi;

Kreditorlar ovoz berishda 5 ta guruhlarga bo‘lindi:

birinchi guruh – garov bilan ta'minlangan majburiyatlar bo‘yicha kreditorlar;

ikkinchi guruh – garov bilan ta'minlanmagan majburiyatlar bo‘yicha kreditorlar;

uchinchi guruh – majburiy to‘lovlar bo‘yicha kreditorlar;

to‘rtinchi guruh – ish haqi va unga tenglashtirilgan majburiyatlar;

beshinchi guruh – hisoblangan dividendlar bo‘yicha qarzdorning aksiyalari egalari.

Har bir kreditor guruhining ovozlari alohida inobatga olish amaliyoti joriy etildi.

Anjumanda sud boshqaruvchilarining avval eng muammoli holatlaridan biri bo‘lgan, endilikda qonunda o‘zgartish kiritilgan yana bir norma bo‘yicha Davlat aktivlarini boshqarish agentligi boshqarmasi boshlig‘i Jamshid Tohirov masala yuzasidan izoh berdi.

“Bankrot korxonalarning ko‘pida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan holatlar bo‘ladi. Sud boshqaruvchilarining eng muammoli holatlari shu bilan bog‘liq. Ya'ni, qarzdor [korxona]ning rahbari yoki ta'sischisiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan bo‘ladi. Tugatish bilan bog‘liq jarayon cho‘zilib boraveradi. Uni to‘xtatish, u yoki bu ishni ko‘rishning imkoniyati yo‘q edi. Iqtisodiy-protsessual kodeksda to‘xtatib turish amaliyoti bor edi, [lekin] qonunimizda aniq ko‘rsatilmagan edi. Endi bu aniq belgilab berilyapti. Agar jinoyat ishi ochilgan, davom etayotgan bo‘lsa, bankrotlik ishi to‘xtatib turiladi. Sudga ariza kiritiladi, bankrotlik ishi jinoyat ishi bir yoqlik bo‘lgunicha to‘xtatib turiladi. Hukm o‘qilib, qaror qabul qilingunicha bankrotlik ishi vaqtincha to‘xtatib turiladi”, deya keltirmoqda Jamshid Tohirovning so‘zlarini Kun.uz muxbiri.

Tadbirda sud boshqaruvchilari va kreditorlar o‘rtasidagi munosabatga oid normaning muhim jihatlari aytib o‘tildi. Mazkur norma avval ham mavjud edi. Endilikda har bir taomil doirasida kiritilyapti.

“Sud boshqaruvchilar kreditorning talabiga ko‘ra o‘z faoliyati, qarzdorning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati, umuman bankrot korxonada olib borilayotgan ishlar, uning mol-mulki, debitori, kreditori va boshqa ma'lumotlarni kreditorning talabiga ko‘ra 10 kun muddat ichida taqdim etish talabi kiritilyapti.

Bu nima beradi?

Ko‘p holatlarda bizga murojaat qilinadi: sud boshqaruvchidan u yoki bu ma'lumotni olib bo‘lmayapti deb. Endi qonun bilan bu norma aniq belgilab qo‘yildi. [Ma'lumot] so‘ralganida 10 kun muddat ichida ma'lumot taqdim etilmasa, sud boshqaruvchisi javobgar bo‘ladi”, dedi Jamshid Tohirov.

Qonunda shuningdek bankrotlik taomillari muddatlarini qisqartirish bo‘yicha ham o‘zgartirishlar kiritilgan.

Unga ko‘ra, kuzatuv taomili (qarzdorning moliyaviy ahvoli tahlilini o‘tkazish jarayoni) 4 oydan 3 oyga;

sud sanatsiyasi taomili (qarzdorning ishlarini boshqarish vakolatlarini sanatsiya qiluvchi boshqaruvchiga o‘tkazmagan holda to‘lov qobiliyatini tiklash taomili) 30 oydan 24 oyga;

tugatishga doir ish yuritish (kreditorlar talablarini mutanosib ravishda qanoatlantirish, qarzdorning majburiyatlardan ozod etilganligini hamda tugatilganligini e'lon qilish maqsadida qo‘llaniladigan taomil) 12 oydan 9 oyga qisqartirilmoqda.

Ushbu muddat ko‘pi bilan 3 oy muddatga uzaytirilishi mumkin. Uzaytirish uchun asos bo‘lgan holatlar belgilandi, xususan:

  • iqtisodiy sud ishini yuritishda qarzdor yuridik shaxsning yoki uning kreditorlarining mulkiy manfaatiga daxl qiluvchi ishning mavjudligi;
  • qarzdor yuridik shaxning realizatsiya qilinmagan mol-mulki mavjudligi;
  • sud ajrimi bilan ko‘rsatilgan kamchiliklarni bartaraf etish zaruriyati tug‘ilganda va boshqalar.

Kelishuv bitimi taomili bankrotlik taomillari qatoridan chiqarildi.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi boshqarmasi boshlig‘i Jamshid Tohirov mazkur qonun normalarini amalga oshirishda sud boshqaruvchilaridan talab etiladigan jihatlarni aytib o‘tdi:

“Qattiq talab bo‘ladi: bugungi kunda olib borilayotgan islohotlarning zamirida nima yotibdi? Sud boshqaruvchilari, biz eskicha ishlashdan voz kechishimiz kerak. Bankrot korxonani “cho‘zib yurishimiz” kerak emas. Biz faqat ish haqi, uning [korxonaning] mol-mulkini sotishni o‘ylashimiz kerak emas. Birinchi maqsad – korxonani saqlab qolish, uni sog‘lom iqtisodiyotga qaytarish. Shu nuqtayi-nazardan yondashishimiz kerak. Eskicha tartib – korxonani yo‘q qilamiz, tugatamiz degan tartibdan voz kechishimiz kerak. Korxonaning moliyaviy sog‘lomlashtirilishiga qarab, biz sud boshqaruvchilari faoliyatiga baho beramiz”, dedi Jamshid Tohirov.

Davlat soliq qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Nodir Erkayev matbuot anjumanidagi nutqi davomida bugungi kunda korxonani bankrotlikka berish soliqdan qochish tizimi sifatida ko‘rilayotganini aytdi.

“Bankrot bo‘lgan korxonaning orqasida bir necha sub'yektlar, shaxslarning manfaatlari yotadi. Oddiygina bir soliqni olib qaraydigan bo‘lsak, bugungi kunda oxirgi besh yil davomida bankrot bo‘lgan korxonalarni tahlil qilib ko‘rdik. To‘qson yetti foiz bankrot bo‘lgan korxonalar tugatilib, davlat reyestridan chiqarilib, ularning juda katta miqdorda budjet, budjetdan tashqari maqsadli jamg‘armalar oldidagi qarzdorligi kechib yuborilgan.

Bu nimadan dalolat beradi?

Bu bugungi kunda biz korxonalarni, tadbirkorlik sub'yektlarini soliqdan qochish yo‘lini ko‘rsatib qo‘ydik. Ayrim hollarda shunday bo‘lyaptiki, sud boshqaruvchilari bilan korxona qarzdor o‘rtasida kelishuv bo‘lib, korxonaning milliard-milliard qarzdorliklarini tugatib berish kelishuvlari va buni tugatish holatlarini kuzatdik,”, dedi Nodir Erkaboyev.

O‘zbekiston Respublikasi «Bankrotlik to‘g‘risida»gi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun loyihasini ishlab chiqish jarayonida Yaponiya, AQSh mamlakatlarining bankrotlik sohasidagi tajribasi o‘rganilgan. Natijada shunisi ma'lum bo‘lganki, barcha davlatlarda korxona faoliyatini tiklash yagona maqsad sifatida belgilangan.

Mazkur qonunda keltirilgan normalarning hayotga tatbiq etilishi orqali xalqaro reytingda to‘lovga qobiliyatsizlikni hal etish ko‘rsatkichi bo‘yicha O‘zbekistonning o‘rni yaxshilanishi, kreditor va qarzdorning huquq va manfaatlari himoyasining yanada kuchaytirilishi, iqtisodiy nochor korxonalarning bankrotlik orqali sog‘lomlashtirilishi, O‘zbekistonning investitsiya jozibadorligi oshishi kabi ijobiy natijalarga erishiladi.

Hamkorlik asosida.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid