O‘zbekiston | 23:45 / 21.12.2019
6634
2 daqiqa o‘qiladi

«O‘zbekistondagi o‘zgarishlar qo‘shni mamlakatlar uchun ham muhim» – Xalqaro kuzatuvchi

22 dekabr kuni vakillik organlariga bo‘lib o‘tadigan saylovlarni kuzatish uchun Buyuk Britaniya parlamenti vakillari Jon Grogan va Jon Desmond Veyverli O‘zbekistonga tashrif buyurdi. 

Jon Groganning ma'lum qilishicha, u Markaziy saylov komissiyasi ma'muriyati bilan uchrashgan. Saylovga tayyorgarlik jarayonlarini yuqori baholaydi.  

Uchrashuvdan keyin jurnalistlarga bergan intervyusida Jon Grogan saylov jarayonining ahamiyati haqida o‘z fikrini bildirdi. 

«Mamlakat demokratiya tomon o‘zgacha qadam tashlayapti. Yangi parlament va Senat besh yil avvalgidagiga qaraganda ko‘proq kuchga ega bo‘ladi. Umid qilamanki, yangi parlament a'zolari – deputatlar yangi tayinlanadigan vazirlar yoki amaldorlarga siyosiy jihatdan juda muhim savollar bilan murojaat qilishadi. Bu o‘z navbatida davlat siyosati va uning kelajagiga ijobiy ta'sir ko‘rsatadi. Ularning ana shu imkoniyatdan foydalanishlariga umid qilaman», deya qayd etdi Jon Grogan.

Uning fikriga ko‘ra,O‘zbekiston aholisi so‘nggi uch yilda amalga oshirilgan o‘zgarishlardan faxrlanishlari mumkin.

“O‘zbekistondagi o‘zgarishlar jarayoni ana shu tezlikda saqlanib qolishi kerak. Bloger, jurnalist va ommaviy axborot vositalari siyosatchilarga muhim savollarni berib, ulardan hisob so‘rashi kerak.

Oxir-oqibat, O‘zbekiston mintaqaning markazi bo‘lgani uchun mazkur o‘zgarishlar nafaqat O‘zbekistonning o‘zi uchun, balki uning qo‘shnilari uchun ham muhimdir.Qo‘shni mamlakat fuqarolari ham xuddi shunday o‘zgarishlarga umid bilan qarashyapti”, dedi Jon Grogan.

Mavzuga oid