Vazirlik: xorijiy OTMdan o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirish bo‘yicha soxta ma'lumotlarni tarqatish davom etmoqda
Xorijiy OTMlardan o‘qishni O‘zbekistonga ko‘chirish bo‘yicha soxta ma'lumotlarni tarqatish davom etmoqda, deya xabar berdi Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligi.
Xorijiy oliy ta'lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarning o‘qishini ko‘chirish borasida tarqalgan yolg‘on axborotlar to‘g‘risida xabar berilgandi.
Bildirilishicha, ayrim konsalting firmalar, turli xususiy shirkatlar xorijdagi vatandoshlarga O‘zbekistonga o‘qishni ko‘chirish bo‘yicha pullik “qonuniy kafolatlangan” xizmatlarini taklif qilishda davom etmoqda.
“Xo‘sh, o‘qishni ko‘chirish jarayonida qo‘shimcha konsalting xizmatiga ehtiyoj bormi? Bizningcha, bunga ortiqcha ehtiyoj yo‘q”, - deb yozadi vazirlik.
Qayd etilishicha, nomzod ariza topshirish jarayonida atigi 3 ta hujjat taqdim etadi: ariza (joyida to‘ldiriladi), pasport nusxasi hamda reyting daftarchasi yoki belgilangan shakldagi akademik ma'lumotnomadan nusxa (tahsil olayotgan OTMdan beriladi).
Xorijiy OTMdan O‘zbekistondagi OTMga ko‘chirish istagida bo‘lgan vatandoshlardan o‘qishga kirish fanlari bo‘yicha maxsus sinovga tayyorlanish talab etiladi, xolos. Ular o‘z mutaxassisligi bo‘yicha imtihon (komissiya tomonidan belgilangan test yoki yozma ish yoki kasbiy (ijodiy) imtihon shaklida) topshiradilar.
Imtihon jarayonlari jamoatchilik nazorati ostida masofaviy onlayn tarzda amalga oshiriladi.
Joriy yil 28-30 avgust kunlari xorijiy oliy ta'lim muassasalaridan o‘qishni ko‘chirish va ko‘chirib qayta tiklash bo‘yicha murojaat qilgan nomzodlar uchun masofaviy onlayn test sinovlari o‘tkazildi. 2019 yilda o‘qishni ko‘chirish va ko‘chirib qayta tiklash bo‘yicha imtihonlar o‘tkazilmaydi.
“20 dekabrdan boshlab yurtimizning barcha hududlarida respublika oliy ta'lim muassasalariga o‘qishini ko‘chirish (ko‘chirib tiklash) bo‘yicha arizalar qabul qiluvchi Ishchi guruhlar o‘z faoliyatini boshladi.
Hamyurtlarimizdan o‘qishga ko‘chirish borasida barcha savollar bilan hududiy ishchi guruhlariga murojaat qilishlari yoki vazirlikning rasmiy sahifalari orqali kerakli ma'lumotlar bilan tanishishlarini so‘rab qolamiz.
Vazirlik xorijiy OTMlardan talabalar o‘qishini O‘zbekistonga ko‘chirishda xususiy sektor vakillari, konsalting firmalar bilan hamkorlik qilmaydi”, - deyiladi vazirlik ma'lumotida.