Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Talabalarga O‘zbekistonda boshlab, xorijda o‘qish imkoni kengayadi
Dunyoning nufuzli universitetlariga shartli qabul qilingan yoshlarning O‘zbekistondagi oliygohda birinchi kurs yoki “Foundation” dasturida o‘qish xarajatlarini qoplab berish mexanizmi joriy etiladi. Bu yoshlarga ta’limni mamlakatimizda boshlab, keyinchalik xorijda davom ettirish imkonini beradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev 10 iyul kuni xalqaro ta’lim standartlari asosida o‘rta maxsus, kasbiy va oliy ta’lim dasturlarini joriy etish, nufuzli xorijiy universitetlar bilan akademik hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Taqdimotda maktab, akademik litsey, texnikum va oliy ta’lim o‘rtasidagi uzviylikni ta’minlaydigan “2+3”, “1+2”, “2+1”, “1+3”, “2+2”, “3+1” kabi ta’lim modellari ko‘rib chiqildi. Bunda 9-sinf bitiruvchisi maktab, akademik litsey yoki texnikumda ikki yil ta’lim olib, keyingi uch yilni mahalliy yoki xorijiy hamkor oliygohda davom ettirishi mumkin bo‘ladi. Texnikum bitiruvchilari esa ta’limni qisqartirilgan dastur asosida universitetda davom ettirish imkoniga ega bo‘ladi.
Integratsiyalashgan dasturlarni tibbiyot, energetika, san’at va qishloq xo‘jaligi kabi ustuvor yo‘nalishlarga ham kengaytirish zarurligi ta’kidlandi.
Shuningdek, Xalqaro malakalar va baholash markaziga integratsiyalashgan dasturlarni nufuzli TOP-100 oliygohlar akademik talablariga moslashtirish, ular bilan “1+3” va “2+2” shaklidagi dasturlarni ishlab chiqish vazifasi yuklatildi.
Markaz huzurida xorijiy ekspertlardan iborat doimiy ishchi guruh tashkil etilib, ishchi guruh 2027 yil yakuniga qadar yetakchi xorijiy oliygohlar diplomini beradigan kamida ikkita ta’lim dasturlari markazini tashkil etadi.
“El-yurt umidi” jamg‘armasining stipendiya dasturini ham yangi tizimga moslashtirish taklif qilindi. Endi dastur Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi va boshqa mahalliy oliygohlardagi integratsiyalashgan ta’lim yo‘nalishlarini ham qamrab oladi.
Shuningdek, dunyoning nufuzli universitetlariga shartli qabul qilingan yoshlarning O‘zbekistondagi oliygohlarda birinchi kurs yoki “Foundation” dasturida o‘qish xarajatlarini qoplab berish mexanizmi joriy etiladi. Bu yoshlarga ta’limni mamlakatimizda boshlab, keyinchalik xorijda davom ettirish imkonini beradi.
Mavzuga oid
18:46
Toshkentda xalqaro universitetlar shaharchasi tashkil etilishi mumkin
18:28
Integratsiyalashgan dasturlar oliy maktabi tashkil etiladi
17:52
Shavkat Mirziyoyev Xitoydagi fojiali hodisalar yuzasidan Si Jinpingga hamdardlik yo‘lladi
13:55