O‘zbekiston | 19:20 / 23.12.2019
7323
3 daqiqa o‘qiladi

DXA: tashkilotlar tomonidan «spravkalar» talab qilish bekor qilingan 

Hozirgi kunda ayrim vakolatli davlat organlari O‘zbekiston Prezidentining 2019 yil 15 fevraldagi “Davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini yanada kompleks rivojlantirish choralari haqida”gi PQ-4193-sonli qaroriga amal qilmasdan, jismoniy shaxslardan ayrim hujjatlarni taqdim qilish majburiyatini qo‘yish holatlarini davom ettirib, biznes yuritishda ortiqcha byurokratik tartib-tamoyillar hamda biznesda erkin harakat qilishga to‘sqinlik qilishi uchramoqda.

Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar boshqarmasi jismoniy shaxslarga hamda tadbirkorlik sub'yektlariga xizmat ko‘rsatuvchi va bevosita ular bilan aloqada bo‘luvchi boshqa davlat organlari va muassasalaridan yuqoridagi qaror talablariga amal qilishlari yuzasidan eslatma bilan chiqdi.

Yuqoridagi qarorga muvofiq 2019 yil 1 avgustdan boshlab davlat xizmatlari ko‘rsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan: 

1. Jismoniy shaxslardan jamg‘arib boriladigan pensiya daftarchalari, soliq va boshqa majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzi mavjud yoki mavjud emasligi to‘g‘risida ma'lumotnomalar; 

2. Soliq to‘lovchining hisobga qo‘yilganligi to‘g‘risida guvohnomalar; 

3. To‘langan daromadlar va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ining ushlab qolingan summalari to‘g‘risida ma'lumotnomalar talab qilinishi taqiqlangan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 3 oktyabrdagi “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan beriladigan tasdiqlovchi hujjatlar turlarini tubdan qisqartirish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, fuqarolarga davlat xizmatlari ko‘rsatilishi jarayonida shaxsning yashash joyi bo‘yicha (propiska qilinganligi) yashayotganligi hamda uning ishsizligini tasdiqlovchi hujjatlarni olish zaruriyati tug‘ilganda, davlat va xo‘jalik organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari mazkur ma'lumotlarni tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi organlaridan mustaqil ravishda, shu jumladan idoralararo elektron hamkorlik orqali so‘rab oladi deb belgilangan.

Mazkur qarorda davlat boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar yuqorida nazarda tutilgan hujjatlarni davlat soliq xizmati organlari, ATB «Xalq banki», O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasidan elektron o‘zaro hamkorlik orqali faqat idoralararo integratsiyalashuv platformasiga axborot olish uchun ulanish yo‘li bilan mustaqil ravishda so‘raydilar va oladilar deb belgilangan.

Mavzuga oid