18:30 / 25.12.2019
0
36546

Foto: Qamchiqda 3ta avtomobil yo‘ldan chiqib ketdi

Toshkent viloyatini vodiy viloyatlari bilan bog‘lovchi Qamchiq dovonida bir kunda uchta avtomobil yo‘nalishdan chiqib ketib, yo‘l chetidagi chuqurliklarga tushib ketishi holati kuzatildi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xabar tarqatdi.

«Joriy yilning yil 25 dekabr kuni soat 12:40da «Qamchiq» maxsus qidiruv-qutqaruv boshqarmasi navbatchilik qismiga Namangan viloyati Pop tumani A-373 «Toshkent–O‘sh» avtomobil yo‘lining 247-kilometrida «Toshkent-Vodiy» yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan «Kobalt», «Spark» hamda «Lacetti» rusumli avtomashinalar haydovchilari boshqaruvni yo‘qotib, yo‘l chetidagi xandaqqa tushib ketgani to‘g‘risidagi ma'lumot kelib tushdi. 

Mazkur hodisada hech kim tan jarohati olmagan. Voqea joyiga 11-nazorat guruhi qutqaruvchisi xizmatchi D.Sultonov va «Qamchiq» navbatchilik maskanidan kichik serjant Y.Maxmetov boshchiligida 5 nafar qutqaruvchi «Kamaz» rusumli maxsus avtomashinada hamda «Sherobod» YPX xodimlari, «Qamchiqavtoyo‘l» ixtisoslashgan yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi maxsus texnikalari va xodimlari yetib borishdi. Qutqaruvchilar tomonidan yo‘l transport vositalarining haydovchi va yo‘lovchilariga psixologik yordam ko‘rsatilib, avtomashinalar xandaqdan chiqarildi. Shundan so‘ng, avtoevakuator yordamida «Sherobod» YPX maskanining jarima maydonchasiga olib ketilgan.   

Bundan tashqari, shu kunning o‘zida, soat 13:00da yana bir yo‘l transport hodisasi to‘g‘risidagi ma'lumot kelib tushadi. Unga ko‘ra, Namangan viloyati Pop tumani A-373 «Toshkent– O‘sh» avtomobil yo‘lining 247-kilometrida «Toshkent-Vodiy» yo‘nalishida harakatlanib kelgan «Neksiya» rusumli avtomashina haydovchisi boshqaruvni yo‘qotib, shu yo‘nalishda oldinda harakatlanib kelayotgan Qamchiqavtoyo‘l» ixtisoslashgan yo‘llardan foydalanish unitar korxonasiga qarashli «MAN» rusumli KDM (tuz-qum sepadigan mashina) yuk avtomashinasining ortidan kelib urgan.

Buning natijasida, «Neksiya» avtomashinasida 3 nafar yo‘lovchi turli darajada tan jarohati olishgan. Jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatilib, tibbiyot xodimlariga topshirilgan», deyilgan vazirlik xabarida. 

Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top