O‘zbekiston | 11:17 / 27.12.2019
10683
2 daqiqa o‘qiladi

2020 yil 1 apreldan O‘zbekistonga mikronutriyentlar bilan boyitilmagan unni import qilish taqiqlanadi

Foto: Getty Images

Vazirlar Mahkamasining “Aholi salomatligini muhofaza qilish yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek, ba'zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Hujjat surunkali buyrak va jigar kasalliklarining terminal bosqichlarida bo‘lgan holatlarda qarindoshlar orasida buyrak va (yoki) jigar bo‘lagini transplantatsiya qilish uchun kulay sharoitlar yaratish, shuningdek, yuqori texnologiyali ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish va aholi salomatligini muhofaza qilishni yanada kengaytirish maqsadida qabul qilingani aytiladi.

Qaror bilan Vazirlar Mahkamasining “Aholi o‘rtasida mikronutriyent yetishmasligi profilaktikasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” 2010 yil 23 noyabrdagi 260-son qarorining 1-bandi quyidagi mazmundagi xatboshi bilan to‘ldirildi:

“2020 yil 1 apreldan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududiga I nav bug‘doy uni va osh tuzi faqat mikronutriyentlar bilan boyitilgan holda import qilinadi”.

Eslatib o‘tamiz, 2011 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida I nav bug‘doy uni va osh tuzi faqat mikronutriyentlar bilan boyitilgan holda ishlab chiqarilishi va sotilishi belgilangan.

Mikronutriyentlar - inson organizmining normal o‘sishi va rivojlanishi uchun zarur bo‘lgan, o‘rnini boshqa narsa bosa olmaydigan oziq-ovqat moddalari (vitaminlar va mineral moddalar).

Mikronutriyent yetishmasligi - inson organizmining oziq-ovqat bilan tushadigan mikronutriyentlar yetarli emasligi sababli kasalliklarning rivojlanishiga olib keladigan holati.

Boyitilgan oziq-ovqat mahsuloti - ishlab chiqarilishi jarayonida mikronutriyentlar bilan boyitilgan (fortifikatsiya qilingan) oziq-ovqat mahsuloti.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid