O‘zbekiston | 11:14 / 27.12.2019
8195
6 daqiqa o‘qiladi

Toshkentdagi «Davlat obektlari yarmarkasi»ga bordingizmi?

Foto: Davlat aktivlarini boshqarish agentligi

26-28 dekabr kunlari Toshkent shahri Mirobod tumani Mirobod ko‘chasidagi “Biznes va boshqaruv Respublika oliy maktabi”da ilk marotaba “Davlat obektlari yarmarkasi" o‘tkazilmoqda.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi axborot xizmatining xabar berishicha, davlat mulki obektlarining sotilishida shaffoflikni ta'minlash maqsadida prezidentning 2019 yil 19 fevraldagi farmoni qabul qilingan. Unga asosan davlat mulki obektlarini (aksiyalardan tashqari) sotish bo‘yicha savdolar E-IJRO AUKSION elektron savdo maydonchasi orqali amalga oshirish belgilab qo‘yilgan.

Yarmarkada Toshkent shahridagi jami 130dan ortiq davlat aktivlari tadbirkorlar e'tiboriga havola etilmoqda. Vazirlar Mahkamasining qarorlariga asosan 21 ta davlat aktivi ommaviy savdolarga chiqarilgan bo‘lib, shundan 12 ta mas'uliyati cheklangan jamiyatdagi davlat ulushlari, 4 ta ko‘chmas mulk obektlari E-IJRO AUKSION elektron savdo maydonchasiga, 5 ta aksiya paketlari “Toshkent” fond birjasiga savdoga chiqarilgan.

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Toshkent shahar hududiy boshqarmasi tomonidan Hukumat qarorlariga asosan 26 ta davlat aktivlarini xususiylashtirish maqsadida E-IJRO AUKSION elektron ommaviy savdo maydonchasiga chiqarish yuzasidan baholash ishlari olib borilmoqda.

Bundan tashqari, hududiy boshqarma qoshidagi “Davlat mulkini ijaraga berish Markazi” orqali 60 ta bo‘sh turgan davlat mulki obektlarini shartnoma asosida ijaraga berish uchun E-IJRO AUKSION elektron savdo maydonchasiga chiqarilgan.

Toshkent shahridagi kichik sanoat zonalarida mavjud bo‘lgan 13 ta obekt ko‘rgazmasi ham tashkil etilgan.

Toshkent shahrida o‘tkazilgan xatlov natijasida bo‘sh turgan, samarasiz foydalanilayotgan 85tadan ortiq davlat mulki obekti mavjud bo‘lib, ulardan samarali foydalanish bo‘yicha hukumat qarori loyihasi tayyorlanib, tegishli vazirlik va idoralar bilan kelishilmoqda.

Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 6 oktyabrdagi 279-sonli qarori 3-ilovasi bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra, “agar xaridor oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan kundan boshlab bir oy ichida sotib olish to‘lovlarini to‘liq amalga oshirsa, sotib olish to‘lovlari summasidan oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan sanadagi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining yillik qayta moliyalashtirish stavkasiga teng miqdorda chegirma berilishi belgilangan. Markaziy bankining yillik qayta moliyalashtirish stavkasi 16 foizni tashkil etadi.

Prezident rahbarligida joriy yilning 11 dekabr kuni davlat ishtirokidagi korxonalarni isloh qilish masalasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Unda bugungi kunda davlat ishtiroki mavjud bo‘lgan 2905 tadan ortiq korxona faoliyatini to‘liq o‘rganib chiqish va faqat respublika iqtisodiyotida strategik ahamiyatga ega bo‘lgan yoki ijtimoiy nuqtai nazardan davlat ishtiroki lozim bo‘lgan korxonalarni davlat tasarrufida qoldirish, boshqa sohadagi korxonalarda davlat ulushlarni sotish yuzasidan topshiriqlar berildi. Bunday korxonalar soni Toshkent shahrida 791 tani tashkil etadi. Hozirgi kunda 8 ta yo‘nalish bo‘yicha tashkil etilgan Ishchi guruhlar tomonidan davlat ishtirokidagi barcha korxonalar faoliyati birma-bir o‘rganib chiqilmoqda. Ular tomonidan ushbu korxonalardagi davlat ulushlarini qisqartirish bo‘yicha 2020 yilning 5 yanvarigacha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritiladi. Ushbu takliflar bo‘yicha prezident va Vazirlar Mahkamasining qarorlariga asosan bugungi kunda davlat ishtiroki talab etilmaydigan barcha korxonalar va jamiyatlardagi davlat ulushlari ommaviy savdolarga chiqariladi.

Oldingi yillarda davlat obektlari va korxonalarini xususiylashtirish natijalari huquq-tartibot va sud organlari tomonidan bekor qilinishi ko‘pgina tadbirkorlarning noroziligiga sabab bo‘layotgan edi. Mamlakatda biznes yuritish muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlikka keng erkinlik berish borasida boshlangan islohotlarni davom ettirish hamda qabul qilingan qonun hujjatlarining joylarda to‘g‘ri tatbiq etilishini ta'minlash maqsadida prezident tomonidan 2019 yil 20 noyabrdagi “Mamlakatda biznes muhitini yanada yaxshilash va tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaror qabul qilindi.

Unga ko‘ra, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, shu jumladan obektlarning qiymatini baholash natijalarini qayta ko‘rib chiqish va bekor qilish masalalari yuzasidan davlat organlari, shu jumladan nazorat, huquqni muhofaza qiluvchi organlar va sudlar tomonidan tashabbus bilan chiqish xususiy mulkning daxlsizligini buzish sifatida baholanishi hamda bunday ishlar ko‘rib chiqish uchun qabul qilinmasligi belgilandi.

Shuningdek, ushbu hujjatda Bosh prokuratura xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka qat'iy rioya etilishi ustidan nazoratni kuchaytirilishi, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish natijalarini qayta ko‘rib chiqish va bekor qilish tashabbusi bilan chiqqanlik uchun vakolatli davlat organlari mansabdor shaxslarining muqarrar javobgarligini, jinoiy javobgarlikka tortishga qadar oshirishni ta'minlashi ko‘rsatib o‘tilgan.

Sayt: www.davaktiv.uz
Facebook: fb.com/davaktiv.uz
Telegram:  t.me/DAVAKTIVUZ

Reklama huquqi asosida

Mavzuga oid