Jahon | 20:20 / 27.12.2019
9050
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy o‘zining eng katta fazoviy raketasini orbitaga uchirdi

Xitoydagi Venchan fazoviy parvozlar markazi 27 dekabrda “Chanchjen-5” (Buyuk safar-5) raketa-tashuvchini fazoga uchirdi. Ushbu raketani kelgusida Xitoyning Oy-Mars dasturida qo‘llash rejalashtirilgan. 

Raketa mahalliy vaqt bilan soat 20:46da bortida “Shitszyan-20” sun'iy yo‘ldoshi bilan uchirilgan. U geostatsionar o‘tish orbitasida ishlaydi. Mahalliy mutaxassislarning ta'kidlashicha, ushbu fazoviy qurilma yaqin 5-15 yilga telekommunikatsiya sohasi rivoji ehtiyojlarini to‘liq qondira oladi.

“Chanchjen-5” Xitoyning yangi avloddagi eng kuchli raketa-tashuvchisi hisoblanadi. Uning balandligi 57 metrni, diametri 5 metrni, start og‘irligi 870 tonnani tashkil qiladi. Raketa yer atrofidagi orbitaga 25 tonna, geostatsionar o‘tish orbitasiga 14 tonna yuk olib chiqa oladi. Raketa uchun yonilg‘i sifatida suyuq kislorod va suyuq vodorod qo‘llanadi.

Raketa Xitoyning uzoq koinotni o‘rganish va boshqariluvchi parvozlar dasturida muhim rol o‘ynaydi. U birinchi marta 2016 yil noyabrda “Shitszyan-17” sun'iy yo‘ldoshi bilan birga fazoga uchirilgan. Raketa ikkinchi marta 2017 yil iyulda “Shitszyan-18” sun'iy yo‘ldoshi uchun qo‘llangan, ammo nosozligi tufayli orbitaga chiqa olmagan.  

Joriy parvoz “Chanchjen” oilasiga mansub raketalarning 323-missiyasi bo‘ldi. 2020 yilda “Chanchjen-5”ni Xitoy koinot dasturining 3 ta muhim missiyasida qo‘llash rejalashtirilgan.  

Mavzuga oid