Jahon | 21:38 / 30.12.2019
11869
3 daqiqa o‘qiladi

2019 yilda eng ko‘p zarar keltirgan tabiiy ofatlar sanab o‘tildi

Foto: REUTERS / Kim Kyung-Hoon

2019 yilda 1 mlrd dollardan ko‘proq zarar keltirgan 15 ta tabiiy ofat yuz berdi. Bu haqda tabiiy ofatlarda jabrlanganlarga ko‘mak ko‘rsatuvchi Christian aid gumanitar tashkiloti hisob-kitoblariga asoslanib SABC radiokompaniyasi xabar berdi.  

2019 yildagi tabiiy ofatlardan 7 tasi 10 mlrd dollardan ko‘proq ziyon keltirgan. Eng katta talofat olib kelgan tabiiy ofatlar AQSh, Yaponiya, Xitoy va Hindistonda qayd qilingan. 

Ro‘yxatga ko‘ra, eng katta zarar keltirgan tabiiy ofat AQShning Kaliforniya shtatida oktabr-noyabr oylarida yuz bergan o‘rmon yong‘inlari hisoblanib, ular 25 mlrd dollarlik zarar keltirgan.

2-o‘ringa Yaponiyaga oktyabrda yopirilgan va 15 mlrd dollar zarar keltirgan Xagibis to‘foni qo‘yilgan. Yaponiyaga ushbu to‘fon keltirgan zararga sentyabrdagi Faksay to‘foni keltirgan zarar qo‘shilsa, umumiy zarar 24 mlrd dollarga yetadi.   

3-o‘rinni AQShning O‘rta G‘arbida mart oyidan iyun oyigacha davom etgan toshqinlar 12,5 mlrd dollarlik zarar bilan egallagan. 4-o‘ringa Xitoyga 12 mlrd dollarlik zarar keltirgan iyun-avgust oylaridagi toshqinlar, 5-o‘ringa sentyabrda Shimoliy Amerikani qamrab olgan Dorian dovuli (11,4 mlrd dollar zarar) qo‘yilgan.  

Hindiston shimolida iyun-oktyabrda yuz bergan toshqinlar va avgustda Xitoyga yopirilgan Lekima to‘foni 10 mlrd dollardan zarar keltirgan.  

Eronda mart-iyunda yuz bergan toshqinlar 8,3 mlrd dollar, AQShning Texas shtatiga sentyabrda yopirilgan Imelda shtormi 8 mlrd dollar zarar keltirgan. May oyida yuz bergan Fani sikloni Hindiston va Bangladeshga 8,1 mlrd dollarlik zarar yetkazgan. 

2019 yilda tabiiy ofatlardan eng ko‘p qurbonga olib kelgani Hindiston shimolidagi toshqinlar bo‘lib, ular oqibatida 1,9 ming kishi halok bo‘lgan. 

Afrika uchun eng talofatli tabiiy ofat Iday sikloni bo‘lgan. Tsiklon 4-21 mart kunlari davomida Mozambik, Madagaskar, Zimbabve va Malavi hududidan ikki marta o‘tib, yirik toshqinlarga olib kelgan. Uning oqibatida 1,3 ming kishi halok bo‘lgan. Umumiy hisobda, Iday Janubiy yarimsharning zamonaviy tarixidagi eng vayronkor tabiiy ofatlardan biri bo‘lgan va 2 mlrd dollar zarar keltirgan. 

Christian aid’ning takidlashicha, 2019 yil tabiiy ofatlar nuqtai nazaridan eng notinch yillardan biri bo‘ldi va katta iqtisodiy zarar keltirdi.

 

Mavzuga oid