Iqtisodiyot | 15:00 / 31.12.2019
8748
3 daqiqa o‘qiladi

Hokimlar va soliqchilar prognoz ko‘rsatkichlarini bajarish tartibi to‘g‘risida ogohlantirildi

Mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat soliq xizmati organlari rahbarlari budjet daromadi prognoz ko‘rsatkichlarini ortiqcha to‘langan va undirilgan soliq summalari hisobiga bajarilishiga yo‘l qo‘ymasliklari bo‘yicha qat'iy ogohlantiriladi. Bu prezident Shavkat Mirziyoyevning 30 dekabr kuni imzolangan «O‘zbekiston Respublikasining «2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasining davlat budjeti to‘g‘risida»gi qonuni ijrosini ta'minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorida ko‘zda tutilgan.

Hujjatga ko‘ra, 2020 yil 1 yanvardan o‘rnatiladigan tartib bo‘yicha ortiqcha undirilgan soliq summalarini O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qayta moliyalashtirish stavkasiga teng bo‘lgan stavkada foizlar to‘lagan holda qaytarish qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda amalga oshiriladi:

  • O‘zbekiston Respublikasi respublika budjetiga o‘tkazilgan soliqlar bo‘yicha – O‘zbekiston Respublikasi respublika budjeti hisobidan;
  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi respublika budjeti, viloyatlar va Toshkent shahri mahalliy budjetlari, tuman va shaharlar budjetlariga o‘tkazilgan soliqlar bo‘yicha – tegishli mahalliy budjetlar hisobidan;
  • budjet tizimi budjetlari o‘rtasida taqsimlangan soliqlar bo‘yicha – tegishli budjetlar hisobidan ularga ajratmalar me'yoriga mutanosib ravishda amalga oshiriladi.

Bundan avvalroq Davlat soliq qo‘mitasi budjetga muddati kelmagan soliq to‘lovlari talab qilinishi holatlari yuzasidan murojaat etishni so‘ragandi.

«Hurmatli soliq to‘lovchilar! Ortiqcha harajatlarni oldini olishingiz uchun IV chorak foyda solig‘i joriy to‘lov ma'lumotnomasini aniqlashtirgan holda qayta ko‘rib chiqishingiz maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shu bilan birga, ayrim soliq organlari tomonidan budjetga muddati kelmagan soliq to‘lovlari asossiz talab qilinayotgan bo‘lsa, bunday talabni bajarmasligingiz va bu to‘g‘risida Davlat soliq qo‘mitasining Ishonch telefoniga (71–244-98-98) zudlik bilan murojaat qilishingizni so‘raymiz», — deyilgan DSQ matbuot xizmati xabarida.

Mavzuga oid