22:10 / 31.12.2019
0
8405

Karlos Gon Livanga qonuniy yo‘l bilan kelgani ma'lum qilindi

Foto: Eugene Hoshiko, File / AP

Renault - Nissan - Mitsubishi avtomobilsozlik alyansining sobiq rahbari Karlos Gon Bayrutga qonuniy yo‘l bilan kelgan. Bu haqda Livan umumiy xavfsizlik boshqarmasi boshlig‘i ma'lum qildi.  

"Karlos Gon Livanga qanday kelgani to‘g‘risidagi taxminlar bois biz Livanning ushbu fuqarosi Bayrutga qonuniy asoslarda kelganini va uni ta'qib qilish uchun hech qanday zarurat yo‘qligini tasdiqlaymiz", - deyiladi bayonotda.

Avvalroq Livanning MTV telekanali Fransiya, Braziliya va Livan fuqaroligiga ega bo‘lgan Gonni Yaponiya aeroportidan musiqa asboblari qutisiga yashirib olib chiqib ketishgani, so‘ngra uni xususiy samolyotda Turkiyadan Livanga olib kelishgani haqida xabar qilgandi. 

NHK telekanalining xabariga ko‘ra esa, u Yaponiyadan boshqa ism-sharif bilan chiqib ketgan. 

O‘z navbatida, Fransiya tashqi ishlar vazirligi Karlos Gon Yaponiyani tark etishi to‘g‘risida fransuz hukumatini xabardor qilmaganini bildirdi.  

"Fransiya hukumati Gonning Yaponiyani tark etishi to‘g‘risida avvaldan xabardor qilinmagan. Fransiya hukumati Karlos Gonning Livanga kelganini matbuotdan bildi", - deyiladi bayonotda.

Seshanba kuni Karlos Gon OAVga bergan intervyusida “Men odil sudlovdan emas, balki adolatsizlik va siyosiy ta'qibdan qochmoqdaman”, dedi.

Gon Yaponiya sud-huquq tizimini inson huquqlari asoslariga rioya qilmaslikda aybladi.

U o‘tgan yilning 19 noyabrida moliyaviy qonunchilikni buzishda ayblanib qo‘lga olingandi.

Tergov talqiniga ko‘ra, Gon 2010 yildan 2018 yilga qadar bo‘lgan vaqt davomida Nissan direktorlar kengashi raisi sifatida olgan mukofotlari hajmini yashirgan (80 million dollar) va daromadining katta qismini deklaratsiya qilmagan bo‘lishi mumkin.

Gon 108 kunni qamoqda o‘tkazdi, 2019 yilning 6 martida esa 9 mln dollar miqdoridagi garov puli evaziga ozod qilingan va uy qamog‘iga jo‘natilgan edi.

Ammo bir oy o‘tib u yana hibsga olindi - bu safar unga Nissan konserni mablag‘larini qonunga xilof ravishda talon-toroj qilganlik ayblovi qo‘yildi. Tergovchilarning fikricha, u shaxsiy maqsadlari va xususiy investitsiyalarga sarflash orqali kompaniyaga 1,85 mlrd iyen (21 mln dollar atrofida) zarar yetkazgan bo‘lishi mumkin.

Unga Yaponiyadan chiqib ketish tugul, Tokiodagi kvartirasini tark etish va hattoki ruxsatsiz rafiqasi bilan uchrashish ham taqiqlab qo‘yilgandi.

Gon ustidan sud jarayoni 2020 yil bahorda boshlanishi kerak edi.

Mavzuga oid
Ushbu xabarga fikringizni bildiring. Buning uchun avtorizatsiyadan oʻtishingiz kerak!
Top