O‘zbekiston | 21:57 / 31.12.2019
13065
3 daqiqa o‘qiladi

Prezident farmatsevtika tarmog‘ida islohotlarni chuqurlashtirishga qaratilgan qarorni imzoladi

O‘zbekiston Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi farmatsevtika tarmog‘ida islohotlarni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori e'lon qilindi.

Qarorda belgilanishicha, shunday tartib o‘rnatiladiki, unga muvofiq:

a) 2020 yil 1 iyuldan boshlab mahalliy va xorijiy dori vositalariga nisbatan referent narx shakllantirish tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi va unda quyidagilar ko‘zda tutiladi:

aholi jon boshiga nisbatan daromadlar darajasi yuqori, o‘rtachadan yuqoriroq va o‘rtachadan pastroq bo‘lgan davlatlar guruhiga kiruvchi kamida 10 ta referent mamlakatlarni tanlash;

dori shakli, qadoqdagi soni, dozasi, konsentratsiyasi, hajmi va qadoqlanishini hisobga olgan holda ayni bir ishlab chiqaruvchining xuddi shunday faol moddaga ega dori vositasining ishlab chiqaruvchi mamlakatda, referent mamlakatlarda va O‘zbekiston Respublikasida sotish narxlarini ro‘yxatdan o‘tish guvohnomasi egasi yoki uning ishonchli vakili tomonidan ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organga taqdim etilishi;

dori shakli, qadoqdagi soni, dozasi, konsentratsiyasi, hajmi va qadoqlanishini hisobga olgan holda dori vositasining har bir savdo nomi uchun belgilangan eng yuqori narxini qayd etish. Bunda dori vositasini ushbu qiymatdan yuqori narxlarda O‘zbekiston Respublikasiga yetkazib berish (import dori vositalari uchun) va mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan sotilishi (mahalliy dori vositalari uchun) mumkin emas;

b) O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi quyidagilar uchun mas'ul bo‘lgan vakolatli organ hisoblanadi:

dori vositasining savdo nomiga referent narx shakllantirish tizimini, shu jumladan, iste'molchilar huquqlarini himoya qilish organlari va tashkilotlarini hamda jamoatchilikni jalb qilgan holda monitoring va tahlil qilish;

dori vositasining har bir savdo nomi narxlarining undan yuqori narxda O‘zbekiston Respublikasiga yetkazib berilishi (import dori vositalari uchun) va mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan sotilishiga (mahalliy dori vositalari uchun) yo‘l qo‘yilmaydigan eng yuqori chegarasini qayd etish;

Internet tarmog‘idagi o‘z rasmiy veb-saytida farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar, ro‘yxatdan o‘tgan va sertifikatlangan farmatsevtika mahsulotlari, shuningdek, dori vositasining savdo nomi uchun cheklangan narxlar va belgilangan cheklangan savdo ustamalarini hisobga olgan holda ulgurji va chakana cheklangan narxlar to‘g‘risidagi ma'lumotlar aks ettirilgan avtomatlashtirilgan axborot tizimini yaratish va yuritish;

v) 2020 yil 1 iyuldan boshlab, mulkchilik shaklidan qat'i nazar, respublikaning barcha tibbiyot tashkilotlarida majburiy tartibda dori vositalarining xalqaro patentlanmagan nomi bo‘yicha retsept yozilishi joriy qilinadi.

Mavzuga oid