O‘zbekiston | 10:30 / 06.01.2020
16903
2 daqiqa o‘qiladi

Bozorlar faoliyatidagi tizimli muammolar ochiqlandi

Foto: Advantour

Bozor va savdo komplekslari faoliyatini yanada takomillashtirish va ulardagi davlat ishtirokini qisqartirish chora-tadbirlari qabul qilinadi.

Muhokama uchun e'lon qilingan prezident qarori loyihasida aytilishicha, so‘nggi yillarda mamlakatda zamonaviy bozor va savdo komplekslarini qurish, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, oziq-ovqat xavfsizligini va iste'mol tovarlari narxlarining barqarorligini ta'minlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, bozor va savdo komplekslarida tovarlar savdosini tashkil qilish va ularni boshqarish bugungi kundagi respublikada samarali boshqaruv tizimini joriy qilish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlar talablariga javob bermasligi natijasida, bozor va savdo komplekslari faoliyatida tizimli muammolar va kamchiliklar saqlanib qolmoqda.

Xususan:

birinchidan, bozor va savdo komplekslari ustav kapitalida mahalliy davlat hokimiyati organlari ustun ulushlarga ega ekanligi va amaldagi soliq tizimi bozor va savdo komplekslarida savdo faoliyatini tashkil etishda raqobat muhitini shakllantirish hamda ushbu sohaga investitsiyalarni jalb qilishga to‘sqinlik qilmoqda;

ikkinchidan, bozor va savdo komplekslaridagi mahalliy davlat hokimiyati organlari ulushlarini boshqarishning samarali tizimi joriy etilmagan;

uchinchidan, bozor va savdo komplekslarning faoliyat samaradorligi past darajada, ularning ko‘pchiligi so‘ngi o‘n yilda biron marta davlatga dividend to‘lamagan;

to‘rtinchidan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi fermer va dehqon xo‘jaliklari, tomorqa yer egalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri bozorlarga kirishi uchun teng sharoitlar yaratilmagan.

Mavzuga oid