Jahon | 09:57 / 06.01.2020
63267
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp Iroqning qo‘shinlarni olib ketish talabiga javob qaytardi

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp Iroq parlamentining mamlakat hududidan xorijiy qo‘shinlarni chiqarish qaroriga javoban Bag‘dodga sanksiyalar kiritish bilan tahdid qildi. Uning aytishicha, Iroq tomondan AQShga nisbatan biror-bir adovat qilinsa, AQSh sanksiyalar kiritadi.

«Agar ular bizdan ketishni so‘rashsa va buni dushmanlarcha amalga oshirishsa, biz ularga qarshi umrlarida ko‘rmagan sanksiyalarni kiritamiz. Eronga qarshi kiritgan sanksiyalarimiz ular oldida holva bo‘lib qoladi», deb ta'kidlab o‘tgan Tramp.

AQSh prezidenti Bag‘dod Vashingtonga Iroqda qurilgan aviabaza katta pulga qurilgani va buning evaziga haq to‘lanmaguncha AQSh qo‘shinlari Iroq hududini tark etmasligini qo‘shimcha qilgan.  

«Bizda juda qimmat aviabaza bor. Uning qurilishi milliardlab dollarga aylangan. Ular bizga u uchun haq to‘lamagunlaricha ketmaymiz», degan Oq uy rahbari.

Tramp AQSh Iroqda juda katta pul sarflaganini ta'kidlab o‘tgan.

«Men sizga aytganman, Iroq, Yaqin Sharqqa borish davlatimiz qabul qilgan eng rasvo qaror bo‘lgan. Biroq biz u yerga bordik va u yerdamiz. Biz u yerdagi ko‘p joylardan ketmoqdamiz», degan AQSh prezidenti.  

«Suriyaga kelsak, men bu chegarani [Suriya bilan Turkiya chegarasini] qo‘riqlashni istamaganim uchun u yerdan ketdim. Ularda o‘z qo‘shinlari bor, ana ular chegarani qo‘riqlasin. Biz buni xavfsizlik hududi deb atamoqdamiz, biroq aslida buning aksi bo‘lmoqda, u yerda ko‘plab odamlar o‘ldirildi», deya qo‘shimcha qilgan Tramp.

Iroqda 3 yanvarda amerikalik harbiylar tomonidan eronlik general Qosim Sulaymoniy o‘ldirilgandan keyin vaziyat keskinlashdi. 

Iroq parlamenti 5 yanvarda mamlakatda xorijiy harbiylar bo‘lishiga chek qo‘yish va xalqaro aksilterrorchilik koalitsiyasidan IShIDga qarshi kurashda yordam so‘ragan iltimosini qaytarib olish uchun ovoz bergan.    

Mavzuga oid