Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Bozorlar ustav kapitalidagi davlat ulushini tadbirkorlarga sotishda qator shartlar belgilab qo‘yiladi
Bozor va savdo komplekslari faoliyatini yanada takomillashtirish va ulardagi davlat ishtirokini qisqartirish chora-tadbirlari qabul qilinadi.
Muhokama uchun e'lon qilingan prezident qarori loyihasida aytilishicha, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Moliya vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklarining bozor va savdo komplekslari ustav kapitalidagi mahalliy davlat hokimiyati organlari ulushlarini tadbirkorlik sub'yektlariga sotilishida qator shartlarni belgilash to‘g‘risidagi takliflari ma'qullandi.
Ushbu shartlar:
a) bozor va savdo komplekslari faoliyat turini saqlash;
b) qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlari savdo rastalari (pavilonlari)ni taqsimlash va to‘lovni amalga oshirishda shaffof elektron tizimini joriy qilish;
v) bozor va savdo komplekslari hududida (yonida) joylashgan avtoturargohlarida hisoblash va to‘lov qabul qilishni avtomatlashtirilgan tizimini joriy qilish;
g) bozor va savdo komplekslarining sanitar holatini talab darajasida saqlash;
d) bozor va savdo komplekslarida davlat veterinariya-sanitariya ekspertizasi laboratoriyasi, davlat veterinariya xizmati organlarining tayanch punktlarini joylashtirish uchun maxsus xonalar hamda sanitariya-epidemiologiya xizmat nazoratini tashkil qilish;
ye) bozor va savdo komplekslari hamda unga tutash hududlarning infratuzilmasi, shu jumladan yo‘llarini shakllantirish.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari:
a) belgilangan talablarga rioya etilishi yuzasidan shaxsan javobgarligi belgilanadi;
b) Davlat aktivlarini boshqarish agentligi bilan birgalikda:
Davlat tender komissiyasi tomonidan tasdiqlanadigan grafikka asosan bozor va savdo komplekslari ustav kapitalidagi davlat ulushini baholash va savdoga chiqarish ishlarini tashkillashtiradi;
bozor va savdo komplekslari ustav kapitalidagi davlat ulushlarini sotish bo‘yicha investorlarni, shu jumladan xorijiy investorlarni jalb qilish maqsadida 2020-2021 yillarda har bir hududda biznes-forumlar, davlat aktivlari yarmarkalarini tashkil qiladi.