Jamiyat | 01:48 / 07.01.2020
16369
2 daqiqa o‘qiladi

Firibgarlar tomonidan aldangan 80 yoshli umra ziyoratchisiga yordam ko‘rsatildi 

O‘zbekistonlik 80 yoshli umra ziyoratchisi A.X. unga umra vaqtida hamrohlik qilishni va'da qilgan firibgarlar tomonidan aldandi. Saudiya Arabistoniga yetib borgan otaxon o‘z holiga tashlab qo‘yilmadi, unga O‘zbekistonning Jiddadagi bosh konsulxonasi yordam ko‘rsatdi.

2020 yil 3 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonning 80 yoshli fuqarosi A.X.ning og‘ir ahvolga tushgani to‘g‘risidagi ma'lumotlar tarqaldi. Shu munosabat bilan O‘zbekistonning Jidda shahridagi bosh konsulxonasi o‘sha kunning o‘zida otaxon bilan aloqa o‘rnatib, unga zarur konsullik-huquqiy yordam ko‘rsatgan.

A.X. so‘zlariga ko‘ra, u ma'lum miqdordagi pul evaziga muayyan odamlar bilan Saudiya Arabistoniga umra ziyorati uchun safar tashkillashtirish, xususan mehmonxona, ovqatlanish, doimiy kuzatuv xizmati xarajatlarini qoplashga kelishib olgan. Ammo otaxon 1 yanvar kuni Bishkek va Istanbul orqali Jidda shahri aeroportiga kelganida va'da qilinganiga qaramay uni hech kim kutib olmagan.

Bosh konsulxona ma'lumotiga ko‘ra, Saudiya Arabistonining Haj va umra ishlari vazirligi ko‘magi bilan O‘zbekiston fuqarosiga zarur yordam ko‘rsatildi, xususan u mehmonxonaga joylashtirildi. Hozirda otaxon umra amallarini ado etmoqda.

Konsullik-huquqiy departamenti ziyorat amallarini bajarishda rasmiy vakolatli tashkilotlar xizmatidan foydalanishni tavsiya qiladi va Saudiya Arabistonida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur hollarda Jidda shahridagi bosh konsulxonaga +966-12-607-72-50 va +966-56-661-94-96 telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatadi.

Mavzuga oid