O‘zbekiston | 20:00 / 08.01.2020
32812
4 daqiqa o‘qiladi

Yagona transport kartasi to‘g‘risida nimalarni bilish kerak?

Bir necha kun avval Toshkentda yagona transport kartasi sotuvga chiqdi. U jamoat transportida yo‘l haqi uchun kontaksiz to‘lovni amalga oshirishga mo‘ljallangan.

Avtomatlashtirilgan to‘lov tizimi Vazirlar Mahkamasining o‘tgan yil noyabrda qabul qilingan tegishli qarori ijrosini ta’minlash doirasida joriy etilmoqda. Loyihaning amaldagi investorlari Uzcard, Aloqabank va Transport vazirligi hisoblanadi, «Avtomatlashtirilgan transport to’lov tizimi operatori» MChJ (ATTO) esa loyihani amalga oshirish bilan shug‘ullanmoqda.

ATTO bosh direktori Temur Ozodovning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda poytaxtdagi avtobuslarning 70 foizdan ortig‘i elektron to‘lovlarni qabul qiluvchi mobil validatorlar bilan ta’minlandi.

ATTO bosh direktori Temur Ozodov (o‘rtada)

«Ayni vaqtda 800ga yaqin avtobus mobil validatorlar bilan jihozlandi va ularning soni kun sayin oshmoqda. Transport kartangiz bilan konduktor oldiga borasiz, validatorga kartani tegizasiz va avtomatik ravishda yo‘l haqi yechib olinadi, ya’ni kutishga hojat yo‘q», – dedi Ozodov.

Viloyatlar markazlarida yagona transport kartasi orqali to‘lovni amalga oshirish imkoniyati shu yilning sentabridan paydo bo‘ladi.

Qayd etilishicha, tizim avtobuslarda ikki bosqichda joriy etiladi.

«Bir oyga yaqin davom etadigan birinchi bosqich bevosita muloqot bosqichi bo‘ladi. Siz konduktordan karta orqali to‘lash mumkinligini so‘raysiz, agarda javob ijobiy bo‘lsa, kartani validatorga tegizasiz va yo‘l haqi olib qolinadi. Keyingi bosqich – bu avtobuslarning har bir eshigi oldiga statsionar validatorlar o‘rnatish bo‘ladi. Shunda konduktor tizimi yo‘q bo‘ladi, uning o‘rnini nazorat-reviziya xizmati egallaydi. Har ikki-uch bekatda revizor avtobusga chiqib tekshiruv o‘tkazadi. Bu jahon tajribasidagi standart sxema. Biz bunga bosqichma-bosqich o‘tamiz», – deydi ATTO rahbari.

Ayni paytda poytaxt metropolitenida statsionar validatorlar o‘rnatish jarayoni ketmoqda.

«15 yanvargacha metropolitenning har bir vestibyulidagi bo‘sh turniketlarni qurilmalar bilan jihozlashni yakuniga yetkazamiz deb o‘ylayman. Tizimni Yunusobod yo‘nalishida sinab ko‘rish mumkin. U yerda nazoratchilarni mobil validatorlar bilan ta’minladik», – dedi Ozodov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, kelgusida servisni kengaytirish uchun ulkan imkoniyatlar mavjud.

«Mazkur servis kengayish imkoniyatiga ega. Biz jamoat transportidan boshlayapmiz, ammo tez orada Toshkentda pullik avtoturargohlar paydo bo‘ladi. Ularda mana shu kartalar bilan to‘lov qilish mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, kelgusida ulardan mikroto‘lovlar, masalan, non sotib olish uchun foydalanish mumkin bo‘ladi», – dedi ATTO bosh direktori. 

Qayd etilishicha, hozirda tizimni xalqaro kartalar bilan integratsiyalashtirish jarayoni olib borilmoqda va fevraldan jamoat transportida to‘lovni Visa, Mastercard, China UnionPay va Mir kartalari orqali to‘lash imkoniyati paydo bo‘ladi.

Mavzuga oid