Jahon | 13:55 / 10.01.2020
36788
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiyada Turkmaniston fuqarolari o‘zbekistonlik yigitni o‘ldirishda gumonlanib hibsga olindi

Foto: PGN Haber

Istanbulda o‘zbekistonlik fuqaroni o‘ldirish va o‘z vatandoshiga og‘ir tan jarohatlari yetkazishda gumonlanib, Turkmanistonning ikki fuqarosi hibsga olindi. Bu haqda 9 yanvar kuni Turkiya OAV xabar berdi.

Milliyet’ning yozishicha, 1 yanvar kuni soat 22:00lar atrofida Istanbulning Esenyurt tumanida mahalliy aholi vakillari tomog‘idan pichoq bilan jarohatlangan yigitni payqashgan va tibbiyot xodimlarga murojaat qilishgan.

«Voqea joyiga yetib kelgan tibbiyot xodimlari 23 yoshli turkmanistonlik Arslon ismli shaxsni Sadi Konuk Bakirkoy o‘quv-ilmiy klinikasining reanimatsiya bo‘limiga yotqizishdi. Uch kundan keyin u hushiga keldi», - deb yozadi gazeta.

Xabar qilinishicha, shundan keyin Turkmaniston fuqarosi Arslon Esenyurt tumanidagi Talatpasha hududida joylashgan uylardan birida pichoqlangani, bu u va yana 5 nafar tanishi o‘rtasida kelib chiqqan janjal tufayli sodir bo‘lganini aytib bergan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, o‘sha janjalda 23 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Olimboyga pichoq bilan jarohat yetkazilgan, u voqea joyida olgan jarohatlaridan vafot etgan, Arslon esa qochishga muvaffaq bo‘lgan.

«Shu bilan birga, 3 yanvar kuni turk politsiyasi Istanbulning Beylikdo‘z tumanidagi daryo bo‘yida o‘zbekistonlik Olimboyning murdasini topdi. Tergovchilar u qornidan pichoqlangani tufayli vafot etganini aniqladilar», - deya xabar berdi Milliyet.

Buning ortidan turk politsiyasi Turkmanistonning ikki fuqarosi - 44 yoshli Bartalav va Roza ismli er-xotinni hamda 35 yoshli Jamol ismli O‘zbekiston fuqarosini hibsga oldi. Qamoqqa olingandan so‘ng, gumonlanuvchilar Olimboyning o‘limi va Arslonga yetkazilgan tan jarohatlarga aloqador ekanliklarini tan olishdi.

«Gumonlanuvchilar voqea sodir bo‘lgan kuni Bartalav Olimboyga pichoq bilan hujum qilganini tasdiqlashdi, uning rafiqasi va tanishi esa unga yordam bergan. Shuningdek, ular Olimboyning jasadini chiqindi bochkasiga solib, jinoyat sodir bo‘lgan joydan 200 metr narida joylashgan kanalga tashlab yuborganliklarini ham tan olishdi. Taxminlarga ko‘ra, murda suv oqimi bilan Beylikduzun tumaniga olib ketilgan», - deyiladi xabarda.

 Turk ommaviy axborot vositalarining xabar berishicha, 8 yanvar kuni gumonlanuvchilarni hibsga olish to‘g‘risida qaror chiqargan sud bo‘lib o‘tdi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid