1 yanvardan boshlab soliq tizimida 120dan ortiq yangi qoidalar amaliyotga kiritildi
2020 yil 10 yanvar kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida yangi tahrirdagi Soliq kodeksining ijrosini samarali tashkil etishda parlament va mahalliy Kengashlarning oldida turgan muhim vazifalarga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.
Parlament saytida xabar qilinishicha, yangi tahrirdagi Soliq kodeksi soliq yukini izchillik bilan kamaytirish, soliq solish tizimini soddalashtirish va soliq ma'muriyatchiligini takomillashtirish, iqtisodiyotni jadal rivojlantirishga hamda ishbilarmonlik va investitsiyaviy faollikni oshirishga, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi.
Kodeksda mamlakat taraqqiyotining tayanchi bo‘lgan insofli, halol soliq to‘lovchilarni rag‘batlantirish, yashirin faoliyat yuritayotganlarning qonuniy ishlashi uchun shart-sharoit yaratishga xizmat qiladigan normalar o‘z aksini topdi. Bundan ko‘zlangan maqsad fuqarolar soliqdan qochish emas, balki uni vaqtida to‘lashdan manfaatdor bo‘lishiga erishishdir. Aynan ushbu jihatlarni inobatga olgan holda yangi soliq tizimini yaratishning asosiy g‘oyasi tenglik, soddalik, aniqlik va samaradorlik kabi asosiy prinsiplarga asoslandi.
Mazkur soliq kodeksining qabul qilinishi bilan joriy yilning 1 yanvaridan boshlab soliq tizimida 120 dan ortiq yangi qoidalar amaliyotga kiritildi.
Jumladan, soliq turlari 13 tadan 9 tagacha kamaytirildi, soliq organlari tomonidan soliq tekshiruvlari faqat Kodeksda nazarda tutilgan va ularni o‘tkazish tartibini belgilaydigan normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganidan keyin o‘tkazilishi belgilab qo‘yildi. Shuningdek, soliq organlarining ortiqcha to‘langan yoki ortiqcha undirilgan soliqlarni o‘z vaqtida qaytarish uchun javobgarligi kuchaytirildi. Ortiqcha undirilgan soliq va moliyaviy sanksiyalar summalarini, ushbu summalarni undirish (to‘lash) davrida amalda bo‘lgan Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasidan kelib chiqib hisoblangan foizlarni inobatga olgan holda, qaytarish tartibi belgilab qo‘yildi.
Davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan korxonalar tomonidan to‘lanayotgan yagona ijtimoiy to‘lov 25 foizdan 12 foizga tushirildi, qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarib berish tizimi tubdan o‘zgartirildi. Ya'ni, batafsil kameral tekshiruv o‘tkazilganidan keyin QQS bo‘yicha “manfiy” qoldiq summasini qaytarish huquqi taqdim etildi.
Bu qoidalar to‘g‘ri qo‘llanilishi, soliq to‘lovchilarning huquq va manfaatlari ta'minlanishi uchun o‘zgarishlardan nafaqat soliq idoralari balki, barcha xabardor bo‘lishi shart.
Davlat rahbari tomonidan prezident vakolatlarining ayrimlarini parlamentga, ijro hokimiyatiga, mahalliy hokimliklarga berish bo‘yicha tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Bunday tashabbuslar asosida mamlakatda Davlat budjetini prezident qarori bilan qabul qilish amaliyotidan voz kechgan holda Qonun bilan qabul qilish joriy etildi. Shunday tashabbuslardan biri Soliq kodeksida ham o‘z aksini topdi. Bugungi kunga qadar soliq imtiyozlarini berish faqatgina prezident vakolatida bo‘lgan bo‘lsa, endilikda bunday imtiyozlar soliq kodeksi bilan berilishi belgilandi.
Shu bilan birga, yangi tahrirdagi Soliq kodeksida mahalliy hokimliklarning ham soliq borasidagi vakolatlari va mas'uliyatlari oshirildi.
Mazkur normalarni amaliyotda samarali ishlashini ta'minlash parlament hamda mahalliy Kengashlar oldiga bir qator muhim vazifalarni qo‘yadi.
Seminarda Qonunchilik palatasi tomonidan Soliq kodeksidagi yangi normalar mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish, kafolatlangan budjetni ta'minlash bo‘yicha parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirish shuningdek, soliq va bojxona organlarining bu boradagi faoliyati yuzasidan parlament nazorati shakllaridan keng foydalangan holda eshituvlar, so‘rovlar tashkil etishga kelishib olindi.
Mavzuga oid
13:26 / 30.03.2024
Senatorlar turizmni rivojlantirishga va yangi ish o‘rinlarini yaratishga qaratilgan qonunni ma’qulladi
07:24 / 13.04.2022
Soliq kodeksiga foyda solig‘i bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritiladi
08:40 / 31.12.2021
Yuridik shaxslardan olinadigan mol-mulk solig‘i kamaytirildi
07:44 / 28.12.2021