O‘zbekiston | 22:52 / 11.01.2020
28319
2 daqiqa o‘qiladi

Prezident Toshkent aholi yashashiga har tomonlama qulay shaharga aylantirilishini aytdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 11 yanvar kuni Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘ida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi va shu yerning o‘zida Toshkent shahri tumanlari hokimlari bilan muloqot qildi. 

Muloqot davomida Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev tomonidan prezidentga Toshkent shahrida rejalashtirilayotgan qurilish ishlari haqida ma'lumot berildi.

Jumladan, shahar hokimi so‘zlariga ko‘ra, 2020 yil davomida poytaxtda jami 302ta ko‘p qavatli uy, 17262ta xonadon qurilishi rejalashtirilmoqda. Qurilishlarning umumiy maydoni esa 1 201,30 kv.m ni tashkil qiladi.

Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahridagi qurilish ishlarida e'tibor qaratilishi kerak bo‘lgan muhim jihatlarga to‘xtalib o‘tdi.

«Biz Toshkent shahrini aholi yashashiga har tomonlama qulay shaharga aylantirish uchun turli loyihalar, yangi qurilishlar qilyapmiz. 

Albatta, joylarda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari davomida ayrim binolarning buzilishi tabiiy hol. Ammo har qanday qurilish ham, buzilishlar ham eng avvalo xalqning roziligi bilan bo‘lishi kerak.

Hokimliklar buziladigan binolarning kompensatsiya to‘lovini to‘lab, aholi rozi bo‘lgachgina yangi qurilishni boshlashi kerak.

Hozir hammasi oson. Ommaviy axborot vositalari rivojlanib bormoqda. Ular har bir harakatimizni kuzatib, yoritib borishmoqda. 

Menga uy-joyni noqonuniy buzish orqali aholini norozi qilish, shuningdek, noqonuniy buzilishlar tufayli O‘zbekiston imiji dunyoga noto‘g‘ri jihatdan ko‘rinishi kerak emas», — deya Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid