Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Biznes-ombudsman: tadbirkor uchun eng muhim narsa uni eshitish va amaliy yordam berishdir
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil - biznes-ombudsman 2019 yil mobaynida zimmasidagi vazifalarni qay darajada uddaladi, ishbilarmonlarni qo‘llab-quvvatlash borasida qanday natijalarga erishdi? Quyida biznes-ombudsman faoliyatining bir necha asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha bajarilgan ishlar xususida ma'lumot berishga harakat qildik.
O‘tgan yili tashkilotimizga tadbirkorlardan jami 3 202 ta murojaat kelib tushdi. 2 706 ta shikoyatda ko‘tarilgan masalalar yechimini topdi. Murojaatlarning 33 foizi mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlari (xatti-harakatlari), 12,3 foizi yer ajratish, 12 foizi nazorat qiluvchi organlar, 10 foizi banklar faoliyati, 7 foizi soliq sohasiga oid qonun hujjatlari, 6,3 foizi sud qarorlari va ularning ijrosi bilan bog‘liq, shuningdek, qolgan 19,4 foizida boshqa turli yo‘nalishdagi masalalar bayon etilgan. Tadbirkorlarning qonuniy huquqlarini tiklash yuzasidan 134 ta taqdimnoma, 11 ta xulosa, 66 ta ogohnoma va 138 ta ma'muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, sudlarga yuborilgan. Ta'sir choralari natijasida mansabdor shaxslarning 203 nafari intizomiy, 114 nafari ma'muriy javobgarlikka tortildi, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan noqonuniy qabul qilingan 211 ta qaror bekor qilindi.
Shu o‘rinda bir misol keltiramiz. "TURON HOUSE" xususiy korxonasi qurilish obekti noqonuniy to‘xtatilganidan norozi bo‘lib biznes-ombudsmanga shikoyat qilgandi. Aniqlanishicha, Xorazm viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi tomonidan "TURON HOUSE" xususiy korxonasiga 2018 yil 8 sentyabrda qurilish-montaj ishlarini bajarishga berilgan ruxsatnomani 2019 yil 7 martdan noqonuniy to‘xtatish bo‘yicha ko‘rsatma kiritilgan.
Shu bois Xorazm viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasining ko‘rsatmasini bekor qilish bo‘yicha qurilish vazirligiga taqdimnoma kiritildi. Ushbu hujjatga muvofiq Xorazm viloyati qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasining 2019 yil 7 martdagi 15-sonli ko‘rsatmasi bekor qilindi va "TURON HOUSE" xususiy korxonasiga qurilish ishlarini davom ettirishga ruxsat berildi.
Shuningdek, sudlarga tadbirkorlar manfaati ifodalangan 76 ta 22,6 mlrd. so‘mlik da'vo arizalari, nazorat qiluvchi organlar va mahalliy davlat hokimiyati idoralari qarorlarini haqiqiy emas deb topish to‘g‘risidagi arizalar kiritildi. 21 mlrd. so‘mlik da'vo arizalari xususiy sektor vakillari foydasiga hal etildi, 18 ta noqonuniy qaror haqiqiy emas deb topildi. Qolgan arizalar ham tegishli tashkilotlar tomonidan ko‘rib chiqilyapti.
Misol uchun, Toshkent shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan "TABASSUM MIR" MChJga tegishli bo‘lgan 1 mlrd. 200 mln. so‘mlik bino davlat va jamoat ehtiyojlari uchun mulk o‘rniga kompensatsiya to‘lovlari to‘lanmasdan buzilgan. Mazkur holat bo‘yicha Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil tomonidan "TABASSUM MIR" MChJ foydasiga Toshkent shahar hokimligidan 1 mlrd. 200 mln. so‘m kompensatsiya undirish hamda yer maydoni ajratish majburiyatini yuklash yuzasidan Toshkent tumanlararo sudiga da'vo arizasi kiritildi. Mazkur talab sud tomonidan to‘liq qanoatlantirildi.
2016-2019 yillarda import qilingan texnologik uskunalardan foydalanish holati joylarga chiqilib, o‘rganildi va 453 ta tadbirkorlik sub'yektida xorijdan keltirilgan dastgohlarni ishga tushirish borasida muammolar borligi aniqlandi. 420 korxonada shu yo‘nalishdagi qiyinchiliklar bartaraf qilindi.
O‘tgan yili nazorat qiluvchi organlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning qonun buzilishi holatlari haqidagi murojaatlari asosida jami 1 248 ta xususiy korxonada tekshiruv o‘tkazish bo‘yicha buyurtmalar kelib tushgan. Ulardan 719 tasi
(58 foizi) kelishilgan va 529 tasi (42 foizi) tekshiruv o‘tkazish uchun yetarli asoslar mavjud bo‘lmagani sababli rad etildi.
O‘zbekistonda 2019 yilning 1 dekabr holatiga 761 248 nafar tadbirkor ro‘yxatga olingan bo‘lib, biznes-ombudsman manfaatdor tashkilotlar bilan hamkorlikda ishini to‘xtatgan 47 304 nafar tadbirkor faoliyatini tiklashga erishdi.
Dilmurod Kasimov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy
manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil - Biznes-ombudsman.
Mavzuga oid
18:45 / 25.04.2026
Biznes-ombudsman Toshkentning dizayn-kodi masalasida e’tiroz bildirdi
20:02 / 21.09.2025
Tadbirkor tanqidiy fikri uchun jazolanishiga yo‘l qo‘yilmaydi – Biznes-ombudsman
17:32 / 30.01.2025
Soliq qo‘mitasi tadbirkorlarni tekshirish samaradorligi bo‘yicha eng yomon tashkilot deb topildi
19:08 / 14.03.2024