O‘zbekiston | 10:21 / 22.01.2020
17894
2 daqiqa o‘qiladi

Namangan shahar IIO FMB 1-sonli IIB boshlig‘i lavozimidan ozod qilindi

Foto: Namangan viloyati IIB axborot xizmati

Joriy yilning 20 yanvar kuni Namangan viloyat IIBda viloyat ichki ishlar organlarining 2019 yil yakuni bo‘yicha tezkor xizmat faoliyati natijalari hamda kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. 

Namangan viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, tadbirda ichki ishlar vazirining o‘rinbosari, polkovnik A.Rahmatullayev hamda Boshqarma boshlig‘ining o‘rinbosarlari, mustaqil boshqarmalar, sohaviy xizmatlar rahbarlari, shahar-tumanlardagi barcha Ichki ishlar bo‘limlari boshliqlari va boshqa sohaviy xodimlar ishtirok etdilar. 

Sohaviy xizmatlar va shahar-tuman ichki ishlar organlari rahbarlarining hisobotlari tinglandi va o‘tgan yil davomida sohada yo‘l qo‘yilgan ayrim kamchiliklarga ham alohida to‘xtalib, ularni yuzaga keltirgan sabablar keng muhokama etildi. Jumladan, yilning ikkinchi yarmida tezkor xizmat faoliyat susaygani va profilaktik tadbirlar yetarli o‘tkazilmagani oqibatida yil so‘nggida ayrim hududlarda turli og‘ir ko‘rinishdagi jinoyatlar soni oshgan.  

Bu kabi mas'uliyatsizlikning oldini olish maqsadida qo‘l ostidagi xodimlarni xizmatini to‘g‘ri tashkil eta olmaslik, tezkor-profilaktik tadbirlarni o‘z holiga tashlab qo‘yilganlik va boshqa kamchiliklar kuzatilgan rahbar xodimlarni lavozimidan ozod qilish, shuningdek, xizmat vazifasiga mas'uliyatsiz yondashgan xodimlarga nisbatan hayfsan va boshqa tegishli intizomiy choralar ko‘rilishi ta'minlandi. Jumladan, shu kabi kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan Namangan shahar IIO FMB 1-sonli IIB boshlig‘i egallab turgan lavozimidan ozod qilindi.  

Yig‘ilish yakunida viloyat IIB boshlig‘i tomonidan kelgusidagi barcha vazifalar ijrosi qat'iy nazoratga olinib, belgilangan muddatlarda axborot berib borilishining tashkillashtirilishi yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi. 

Mavzuga oid