O‘zbekiston | 21:33 / 03.02.2020
16303
3 daqiqa o‘qiladi

Xitoydan kelgan o‘zbekistonliklar 14 kun muddatga tibbiy nazoratga olinmoqda

3 fevral kuni olingan rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoyda jami 17238 nafardan ortiq kishi kasallanib, 2296 nafar kishi og‘ir holatda davolanmoqda, 361 nafar kishi ushbu kasallikdan vafot etgan.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Sanitariya–epidemiologik osoyishtalik agentligi tomonidan koronavirus infeksiyasini O‘zbekiston Respublikasiga chetdan kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan bir qator tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.

Agentlik mutaxassislari tomonidan koronavirus infeksiyasiga gumon qilinganda epidemiologik surishtiruv o‘tkazish, xabar berish, dezinfeksiya tadbirlarini olib borish qo‘llanmalari tayyorlandi. Shuningdek, Toshkent xalqaro aeroporti samolyot ekipajlari, bort kuzatuvchilari o‘rtasida koronavirus infeksiyasini profilaktikasi bo‘yicha qaytadan o‘quv, amaliy seminari o‘tkazildi. 

2020 yil 2 fevral kuniga qadar Agentlik qoshida tashkil etilgan shtab ishonch telefoni orqali 1559ga yaqin fuqarolarimizdan kelib tushgan savollarga javob berildi. 

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik agentligi koronavirus infeksiyasiga qarshi kurashish shtabining ma'lum qilishicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan Ichki ishlar vazirligi o‘rtasida Xitoy Xalq Respublikasidan kirib kelgan fuqarolar to‘g‘risida kundalik axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.

Ushbu fuqarolar to‘g‘risidagi ro‘yxat asosida xar bir sog‘liqni saqlash boshqarmalari va birlamchi tibbiy bo‘g‘inlar orqali xonadonma-xonadon yurib, Xitoy Xalq Respublikasidan kelgan yurtdoshlarimiz 14 kun muddatga tibbiy nazoratga olinmoqda.

Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga 2 fevral kuni xorijiy davlatlardan 31ta samolyot qabul qilingan, 4472 nafar fuqaro sanitariya-karantin punktlarida termometriyadan o‘tkazilgan, ulardan 10 nafari Xitoy Xalq Respublikasi fuqarolari, 157 nafari Xitoyda o‘qiydigan o‘zbekistonlik talabalardir. 

“O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ markaziy sanitariya-epidemiologiya xizmatiga qarashli 6ta sanitariya-karantin punktidan jami 676 nafar fuqaro o‘tgan, shulardan 34 nafarini xorij fuqarolari tashkil etadi. Tana harorati ko‘tarilgan bemorlar aniqlanmagan.

Davlat chegara kesishish punktlaridagi sanitariya-karantin punktlari orqali 1816ta avtotransport, 33129 nafar fuqaro o‘tkazilgan, shulardan 15510 nafari chet el fuqarolari hisoblanadi. Tana harorati ko‘tarilgan fuqarolar aniqlanmagan. 

Xitoyda koronavirus infeksiyasi bo‘yicha kuzatilayotgan murakkab epidemik vaziyat, bu kasallikning O‘zbekiston hududiga kirib kelishi va tarqalib ketishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan profilaktik tadbirlar Sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi agentligi tomonidan nazoratga olingan.

3 fevral kuni olingan rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, Xitoyda jami 17238 nafardan ortiq kishi kasallanib, 2296 nafar kishi og‘ir holatda davolanmoqda, 361 nafar kishi ushbu kasallikdan vafot etgan.

Mavzuga oid