O‘zbekiston | 15:55 / 04.02.2020
15058
3 daqiqa o‘qiladi

Davletov: Eng kuchli advokatlar ham kimgadir bepul xizmat ko‘rsatishga majbur bo‘ladi

Taklif etilayotgan tizimga ko‘ra, barcha advokatlarga aholiga bepul xizmat ko‘rsatish bo‘yicha yuklama belgilanishi mumkin. Bunda kimga qaysi advokat tushishini tizimning o‘zi tanlab berishi, bu jarayonga inson omili aralashmasligi aytilmoqda.

Adliya vaziri Ruslanbek Davletov davlat tomonidan tayinlanadigan advokatlar bilan bog‘liq muammolar haqida gapirdi.

«Davlat tomonidan tayinlanadigan advokatlar bilan muammolar borligi rost. Chunki ko‘p holatlarda o‘sha sohaning egalari o‘zining «dejurnyy» advokatini topib olishgan, ish chiqqan paytda o‘shani chaqirib olishaveradi. [Ya'ni kimgadir davlat tomonidan advokat tayinlash kerak bo‘lsa,] belgilangan tartibda «dejurnyy» advokatni jalb qilaveradi va buning natijasida bir xil advokatlar juda ko‘p ishlarda aylanaveradi», dedi Davletov 3 fevral kuni matbuot anjumanida.

Uning qayd etilishicha, Adliya vazirligi bu muammodan xabardor va atroflicha tahlil qilingan. Muammoni bartaraf etish uchun yangicha mexanizm ishlab chiqilgan va ayni paytda ushbu yangilikning moliyaviy jihatlari muhokama qilinyapti.

«Mazkur muammo borligini bilamiz va tahlil qilganmiz. Bu munosabatlarda rasmiy ravishda Adliya vazirligining o‘rni yo‘q. Biz bu muammoni hal qilish uchun yangi qaror loyihasini tayyorladik. Loyihada viloyat va respublika darajasida bepul huquqiy maslahat markazlarini tashkil etish va advokatlarni qaysi ishga tayinlanishini markazning o‘zi tartibga solishi taklif etilgan. Hozir bu bo‘yicha Moliya vazirligi bilan kelishyapmiz.

Bitta mexanizm taklif qilyapmiz. Avtomatik ravishda advokatlarni tanlaydigan, inson omili aralashmaydigan tizim qilmoqchimiz. Advokatlar ro‘yxati bazaga kiritiladi, kimga qaysi advokat tushishini tizimning o‘zi tanlab beradi va o‘sha advokat o‘sha odamga borib xizmat ko‘rsatishga majbur bo‘ladi.

Tizim shunday qurilganki, O‘zbekistondagi eng kuchli advokatlar ham kimgadir bepul xizmat ko‘rsatishiga to‘g‘ri keladi. Amerikada ham shunday. Masalan, bepul xizmat ko‘rsatish bo‘yicha advokatlarga yuklamalar berilgan. Shunaqa holatlar bo‘ladiki, huquqiy himoyaga muhtoj kambag‘al odamlarga kuchli advokatlar tushib qoladi. Advokat o‘zining reputatsiyasi uchun nima qilib bo‘lmasin shu odamni oqlashga, himoya qilishga harakat qiladi. Biz ham xuddi shu tartibga o‘tamiz», deya ta'kidlaydi Ruslanbek Davletov.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Adliya vazirligi huzurida Bepul yuridik yordam ko‘rsatish markazi tashkil etilishi, u aholiga bepul yuridik yordam ko‘rsatish sohasida davlat siyosatini tartibga solishi, bunda bepul yuridik yordamning samarali milliy tizimi yaratilishi, aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalarining malakali yuridik yordam va huquqiy himoyaga bo‘lgan huquqlari ta'minlanishi aytilgandi.

Жамшид Ниёзов
Tayyorlagan Жамшид Ниёзов
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid