Avvalo, shuni qayd etish o‘rinliki, muhtaram Prezidentimizning har bir chiqishlari, xususan, mamlakat hayoti uchun strategik ahamiyat kasb etuvchi ma'ruza va murojaatlari nafaqat xalqimiz, balki dunyo hamjamiyati tomonidan ham katta qiziqish va xayrixohlik bilan kutib olinmoqda.

Yangi shakllangan Oliy Majlisga yo‘llangan dastlabki Murojaatnoma ham bundan mustasno bo‘lmadi.

Nufuzli mahalliy va xorijiy ekspertlarning yakdil xulosasiga ko‘ra, Prezidentimiz Murojaatnomasi O‘zbekistonning joriy yil va yaqin istiqboldagi taraqqiyotini belgilab beruvchi strategik va ayni paytda fundamental asosga ega bo‘lgan hujjatdir.

Darhaqiqat, Murojaatnoma timsolida O‘zbekistondagi bugungi islohotlar mohiyatini, yaqin yillarda yurtimizning butun qiyofasi qay tarzda jozibador bo‘lishini, xalqimiz hayoti nechog‘liq osuda, farovon va baxtiyor kechishini ko‘rish mumkin.

Bir so‘z bilan aytganda, Murojaatnomada belgilab berilgan ulkan marralar shunchaki ezgu niyat yoki xohish-istak emas.

Aksincha, undagi har bir vazifa ijro mexanizmi, buning uchun mas'ullar, muddatlar, moliyaviy manbalari bilan uyg‘un holda bayon etildi.

Eng muhimi, hujjatda avvalo inson va uning manfaatlari ustuvor o‘ringa qo‘yilgan.

Ya'ni «Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqqa xizmat qilishi kerak», degan asosiy tamoyilga muvofiq barcha resurslar, imkoniyatlar xalqimiz manfaatlari yo‘lida safarbar etilishi qat'iy ta'kidlandi.

Xalqimiz esa bunday yangi va oqilona siyosatni yakdillik bilan qo‘llab-quvvatlamoqda.

Zotan, adolat tantanasi va qonun ustuvorligini o‘zi uchun asosiy shiorga aylantirgan davlat fuqarolaridagi siyosatga ishonch, Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘ulari mustahkam bo‘lishi hammaga ma'lum.

Sohibqiron Amir Temur ham Oqsaroy peshtoqiga «Adolat — davlatning asosi va hukmdorlar shioridir», degan hikmatli so‘zlarni yozdirgani ham bejiz emas. U ana shu g‘oya asosida millatni eng ezgu va ulug‘vor maqsadlar yo‘lida birlashtirgani va safarbar eta olgani ham tarixdan ayondir.

Yangi O‘zbekistonning yangilangan siyosati ham aynan inson qadr-qimmatini oliy darajaga ko‘tarish, jamiyatda adolat va qonun ustuvorligini so‘zsiz ta'minlash kabi yuksak g‘oyalarga tayanmoqda.

Biroq, afsuski, bu yo‘ldagi islohotlar natijadorligiga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgan, taraqqiyotga to‘siq bo‘layotgan bir qator omillar, illatlar saqlanib qolmoqda. Hech shubhasiz, ulardan biri va eng xavflisi korrupsiyadir.