3 fevral kuni jurnalist va blogerlar bilan uchrashgan O‘zbekiston Respublikasi Adliya vaziri Ruslanbek Davletov ko‘p yillar davomida hokimliklar o‘z funksiyalariga xos bo‘lmagan, vakolatidan tashqari faoliyatlar bilan ham shug‘ullanib kelganini tanqid qildi.
«Hokimliklarning funksiyalari haqida ko‘p gapirganmiz. Mana, yerlarni ajratish huquqi hokimliklardan olinib, yuz foiz auksionga o‘tdi. Prezident qarori bilan hokimliklarning 11ta funksiyasi boshqa tashkilotlarga o‘tkazildi.
O‘ylab ko‘ring, hokimliklar shu paytgacha til o‘rgatish bo‘yicha kurslarga litsenziya berib kelgan. Biz yaqinda tahlil qildik. O‘zi qancha litsenziya berilgan desak, tagiga yetolmadik. Chunki hech kim reyestrini ham yuritmagan.
14 viloyatda 14ta amaliyot yuzaga kelgan. Xuddi shunday rieltorlik faoliyati to‘g‘risidagi litsenziyani, turarjoyni notururjoyga o‘tkazish, alkogol ichimliklarni sotishga ruxsatni ham hokimliklar berib kelgan. Vaholanki, hokimliklarda bularni bevosita boshqaradigan tuzilmaning o‘zi yo‘q.
Bizning davlat boshqaruvi nuqtai nazaridan hamma sohada vertikal boshqaruv bo‘lishi kerak, chunki unitar davlatmiz. Shuning uchun bu funksiyalar ham hokimliklardan olib qo‘yildi hamda ushbu vakolatlar vazirlik va mutasaddi tashkilotlarning hududiy bo‘limlariga berildi», deya Ruslanbek Davletovning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.
Vazir mahallalar va boshqa turli idoralar tomonidan berib kelingan ma'lumotnomalar haqida ham to‘xtalib o‘tdi.
«Mahallalar tomonidan beriladigan ma'lumotnoma bizning stixiyamiz, bu masala juda katta muammo bo‘lib kelgan. Byurokratiya hozir ham davom etyapti. Mahalladan 28ta ma'lumotnoma berilar ekan. Bir yilda 40 millionta ma'lumotnoma berilgan, o‘ylab ko‘ringlar, bu narsa qancha odamning hayotiga ta'sir qilib kelgan, endi hammasi bekor bo‘ldi. Mahalladan ma'lumotnoma olib kel, deb talab qilish mumkinmas.
Bitta narsaga e'tibor beringlar, mahalla hech qachon o‘zi bergan ma'lumotnomaga javob ham bermagan. Shuning uchun umumiy bir qandaydir tizim shakllanib, byurokratiyani ichiga kirib ketgan edikki, sekin-sekin olib chiqish yo‘llarini o‘ylayapmiz.
Yoki tibbiyot sohasida, ruhiy kasalliklar dispanseri bilan narkologiya dispanseridan bir yilda fuqarolarimizga 500 mingta ma'lumotnoma berilar ekan. Siz Mo‘ynoqda yashasangiz, Taxiatoshdagi dispanserga kelib ma'lumotnomani olishingiz kerak. Pul to‘lashingiz kerak, necha pul to‘laysiz, uning miqdorini hech kim yozmagan, javobini qancha vaqt kutish kerak. Ya'ni bu yerda ovoragarchiliklar bo‘lgan.














